Davlat strategik kompaniyalar xususiylashtirilganidan keyin ularda maxsus huquqlarni saqlab qolishi mumkin bo‘ladi
Xususiylashtirish to‘g‘risidagi yangi farmonda strategik korxonalar xususiy investorga sotilganidan keyin ham davlatning ularda ishtirok etish bo‘yicha maxsus huquqini saqlab qolish imkoniyati nazarda tutilmoqda. Shunga o‘xshash mexanizm — 'oltin aksiya' instituti 2022-yilda bekor qilingan edi.

Davlat strategik kompaniyalar xususiylashtirilgandan so‘ng ham ularda maxsus huquqlarni saqlab qolishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda strategik ahamiyatga ega korxonalar xususiylashtirilayotganda, davlat ularning faoliyatida ishtirok etish bo‘yicha maxsus huquqni o‘zida qoldirishi mumkin. Bu mexanizm prezidentning 28-avgustdagi iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirish haqidagi farmonida nazarda tutilgan.
Hujjatga muvofiq, maxsus huquq milliy xavfsizlikni himoya qilish, iqtisodiy barqarorlik hamda jamoat manfaatlarini ta’minlash maqsadida joriy etilishi mumkin.
Potensial xaridor korxona xususiylashtirish jarayoni boshlanishidan oldin davlat bunday huquqni saqlab qolishi haqida xabardor qilinishi kerak.
Shu bilan birga, xususiylashtirish tugagach, davlatning ishtirok etish bo‘yicha maxsus huquqi prezidentning alohida qarori bilan joriy etiladi. Uni keyinchalik bekor qilish ham faqat davlat rahbarining alohida qarori asosida amalga oshirilishi mumkin.
Farmonda ushbu maxsus huquq aynan qanday vakolatlar berishi aniqlashtirilmagan, shuningdek, xususiylashtirishda bu mexanizm qo‘llanishi ko‘zda tutilgan korxonalarning alohida ro‘yxati ham keltirilmagan.
2022-yilda O‘zbekistonda “oltin aksiya” instituti — xususiylashtirilgan strategik kompaniyalarni boshqarishda davlatning ishtirok etish bo‘yicha maxsus huquqi bekor qilingan edi.
Avval bu mexanizm orqali davlat vakili kuzatuv kengashi tarkibiga kirishi va ayrim muhim qarorlarga veto qo‘yishi mumkin edi.
O‘sha paytda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “oltin aksiya” amalda o‘n yilga yaqin qo‘llanilmaganini, u investorlarning xususiylashtirishga qiziqishini pasaytirishi va boshqa aksiyadorlarning huquqlarini cheklashi mumkinligini bildirgan edi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ham ushbu mexanizmdan voz kechishni tavsiya qilgandi.
Strategik korxonalar ro‘yxatiga ilgari ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasi, shuningdek bank sohasi kompaniyalari, jumladan Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq KMK, “O‘zmetkombinat”, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zbekko‘mir”, “Hududgazta’minot”, UzAuto Motors, “O‘zkimyosanoat”, “Navoiyazot”, “O‘zbekgidroenergo”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘ztransgaz”, UzGasTrade kirgan edi.
Hujjat iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar paketiga kiradi.
Dastur doirasida 84 ta xo‘jalik jamiyatidagi davlat ulushlari, 1242 ta ko‘chmas mulk obyekti, shuningdek tadbirkorlik va shaharsozlik maqsadlari uchun qariyb 8000 gektar yer maydonlari savdoga chiqarilishi rejalashtirilgan. Bunday rejalar haqida prezident avvalroq, avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda aytib o‘tgan edi.
Bundan tashqari, davlat ishtirokidagi 85 ta korxonani tugatish va qayta tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ilgari sotilmagan yana 84 ta obyekt boshlang‘ich narxi 1 mln so‘m bilan takroran auksionga qo‘yilishi kerak.
Sotish uchun mo‘ljallangan aktivlarning umumiy qiymati taxminan 100 trln so‘m deb baholanmoqda. Yil oxirigacha hokimiyat organlari ularni realizatsiya qilishdan kamida 14 trln so‘m tushum olishni maqsad qilgan.

