Iqtisodiyot

O‘zbekistonda 18 ta bozorning davlat ulushlari sotuvga chiqariladi

O‘zbekistonda 18 ta bozorning davlat ulushlari sotuvga qo‘yiladi

O‘zbekistonda 2026—2027-yillarda davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish doirasida 18 ta bozorning davlat ulushlari ommaviy savdolarga chiqariladi.

Bu prezidentning 28-avgustdagi iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishga oid farmonida belgilangan. Hujjatga muvofiq, jami 62 ta aksiya paketi ommaviy savdolarga chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Ro‘yxatga Namangan viloyatidagi “Namangan avto megastroy savdo kompleksi”ning 51 foiz, “Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo kompleksi”ning 51 foiz, “Yashil dehqon bozori”ning 68 foiz, “Do‘stlik savdo sanoat kompleksi”ning 51 foiz, “Chust dehqon bozori”ning 51 foiz, “Yangiqo‘rg‘on dehqon bozori”ning 51,42 foiz hamda “To‘raqo‘rg‘on markaziy dehqon bozori”ning 51 foiz davlat ulushlari kiritilgan.

Samarqand viloyatida “Toyloq dehqon bozori”, “Samarqand innovatsion avtomobillar bozori” va “Gulobod yog‘och savdo kompleksi”ning davlat ulushlari sotuvga chiqariladi. Ularning har biridagi davlat ulushi 51 foizni tashkil etadi. Surxondaryo viloyatidagi “Lolazor Denov Barakat”ning 51 foiz hamda “Jarqo‘rg‘on dehqon (oziq-ovqat) bozori”ning 54,6 foiz davlat ulushi savdoga qo‘yiladi.

Toshkent viloyatidagi “Qibray dehqon bozori”ning 51 foiz, Farg‘ona viloyatidagi “Farg‘ona Yusufjon Fayzi qurilish mollari savdo kompleksi”ning 51 foiz, “Rapqon dehqon bozori”ning 51 foiz, “Yakkatut dehqon bozori”ning 52,1 foiz, “Beshariqlik Umarovlar fayzi”ning 51 foiz hamda “Beshariq Turon sanoat savdo kompleksi”ning 51 foiz davlat ulushlari xususiylashtiriladi.

Farmonga ko‘ra, davlat aktivlarini sotishda ayrim xaridorlarga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham beriladi. Jumladan, sotib olish to‘lovining kamida 35 foizini uch oyda, 50 foizini olti oyda to‘lagan xaridorlarga qolgan summani foizsiz ravishda mos ravishda besh va yetti yil davomida to‘lash imkoniyati yaratiladi. Aktiv qiymatining 100 foizini olti oy ichida to‘lagan xaridorga esa umumiy summadan 25 foiz chegirma beriladi.

Shuningdek, davlat aktivlari uch oy davomida sotilmasa, ularning boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich, ko‘pi bilan 10 foizgacha pasaytirilishi belgilangan. Ikki oy davomida sotilmagan aktivlarni lotlarga ajratish yoki birlashtirish orqali qayta savdoga chiqarish ham mumkin bo‘ladi.

Ushbu hujjatga asosan, 2026—2027-yillarda davlat ishtirokidagi 62 ta korxona ulushlari ommaviy savdolarga chiqariladi. Jumladan, “Turonbank” AJning 98,9 foiz davlat ulushi ham xususiylashtiriladi. Toshkent shahridagi Xalqaro hamkorlik markazining 79,27 foiz, “Oʻzekspomarkaz” AJning 91,83 foiz davlat ulushi sotuvga chiqariladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.