Ukrainada Starlink’ni kim çeklagan? Pentagon boş inspektori tekşiruv ötkazişni rad etdi
Pentagon boş inspektori Platt Moring Ukrainada Starlink va Starshield sunʼiy yöldoş aloqasi işidagi uzilişlar yuzasidan tekşiruv ötkaziş haqidagi senatorlar sörovini qabul qilmadi. AP maʼlumotiga köra, uning idorasi bu masalada AQŞ Harbiy-havo kuçlariga murojaat qilişni tavsiya etgan.

Ukrainada Starlink’ni kim chekladi? Pentagonning bosh inspektori tekshiruv o‘tkazishni rad etdi
DW agentligi xabariga tayanib yozishicha, so‘rovni to‘rt nafar respublikachi va besh nafar demokrat senator yuborgan. Ular aloqa tizimlariga kiritilgan cheklovlarda AQSh rasmiylarining ishtiroki bor-yo‘qligini aniqlashni so‘ragan.
Oktabr oyida Ukraina rasmiylari Starlink va uning harbiy yo‘nalishdagi Starshield tizimidagi cheklovlar Rossiyaning yuqori tezlikda uchuvchi dronlarini tutib qolish imkoniyatiga ta’sir qilganini bildirgan edi.
Murojaatda Pentagon yoki AQSh hukumatining boshqa vakillari Ukrainaga daxldor razvedka ma’lumotlarini almashish, ogohlantirish imkoniyatlari hamda Starlink va Starshield xizmatlarini o‘zgartirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan-bermaganini tekshirish so‘ralgan.
Senatorlar bunday o‘zgarishlar rasmiylar bilan kelishilganmi, ular tomonidan ma’qullanganmi yoki ular bu haqda batafsil ma’lumotga ega bo‘lganmi, degan savollarga ham javob kutgan.
AP bilan ismi oshkor etilmasdan suhbatlashgan Kongress xodimi bosh inspektorning javobini tekshiruv o‘tkazishdan bosh tortish sifatida baholagan. Agentlikka ko‘ra, bu holat qonun chiqaruvchilarda Pentagon va uning mustaqil nazorat idorasi Ilon Maskning mudofaa aloqalariga ta’siriga qarshi chiqishni istamayaptimi, degan xavotir uyg‘otgan.
24-oktabr kuni Ilon Mask SpaceX Ukrainada Starlink ishiga cheklov kiritganini tasdiqlagan. U buni foydalanish shartlari buzilgani bilan izohlab, Ukraina Qurolli kuchlarini tizimdan hujumkor dron zarbalarida foydalanishda ayblagan.
Mask, shuningdek, Starshield boshqa tizim ekani va AQSh hukumati nazoratida turishini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tizimdan qanday foydalanishni Vashington hal qiladi.
O‘sha kuni Ukraina mudofaa vaziri Yevgeniy Xmara Starlink va Starshield aloqasi soatiga 400 kilometrdan yuqori tezlikda harakatlanish sharoitida ham qayta ishlay boshlaganini ma’lum qilgan.
Xabarga ko‘ra, muammolar 14-oktabrga o‘tar kechasi Starshield terminallari yuqori tezlikda harakatlanayotganda aloqani yo‘qota boshlashi bilan kuzatilgan. Ertasi kuni tizim ishi tiklangani bildirilgan, biroq ko‘p o‘tmay yana uzilishlar qayd etilgan.

