Ukrainada asir tushgan Rossiya harbiylarining har oʻninchisi xorijlik ekani maʼlum qilindi

Ukrainada asirga tushgan Rossiya harbiylarining har oʻninchisi xorij fuqarosi ekani bildirildi
Ukrainada asirga olingan Rossiya harbiylarining qariyb 10 foizi uchinchi davlatlar fuqarolari hisoblanadi.
Loyiha maʼlumotlariga koʻra, 2026-yil sentyabr holatiga Ukraina asirligida Rossiya tomonida jang qilgan 55 davlat fuqarolari bor.
“Xochu jit” tashkilotchilari ularning qoʻlida 2022-yildan buyon Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan qariyb 29 ming xorijlikning ism-sharifi borligini aytgan. Taʼkidlanishicha, joriy yilning dastlabki toʻqqiz oyida Ukrainaga asir tushgan xorijliklar soni butun 2025-yildagi asirlar sonidan koʻproq.
Ular orasida Osiyo mamlakatlari, Argentina, Panama, Paragvay, Peru, Gonduras va boshqa davlatlar fuqarolari bor.
Loyiha bayonotida aytilishicha, bir qator davlatlar hukumatlarining diplomatik bosimi, noroziligi va qarshiligidan soʻng Rossiya 39 mamlakatda harbiy yollash ishlarini toʻxtatgan. Xususan, Xitoy, Hindiston, Misr, Keniya, Pokiston, Gana hamda Afrika va Osiyoning boshqa ayrim davlatlari shular jumlasidandir.
“Biroq Moskva boshqacha yoʻnalishga oʻtdi va Janubiy Amerika, Markaziy Osiyo hamda Afrika mamlakatlarida yollash koʻlamini oshirmoqda. Buni nafaqat bizdagi maʼlumotlardan, balki xorijlik harbiy asirlarning soni va geografiyasidan ham koʻrish mumkin”, deyiladi loyiha xabarida.
Nashr, shuningdek, ayrimlarga fuqarolik sohasida ish vaʼda qilinib, ular aldov yoʻli bilan frontga jalb etilayotganini daʼvo qilgan.

