Dunyo

Putin Rossiya armiyasi sonini oshirdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat Qurolli kuchlarining umumiy shtat sonini 2 426 130 kishiga yetkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda “RBK” xabar berdi. Ushbu umumiy sondan 1 535 000 nafari bevosita harbiy xizmatchilardir.

Farmon 1-avgustdan kuchga kiradi. Ushbu o‘zgarish Qurolli kuchlarda 2006-yilda tarqatib yuborilgan harbiy-qurilish qismlarining qayta tashkil etilishi bilan bog‘liq. Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Putin armiya sonini oltinchi marta oshirmoqda.

Harbiy xizmatchilar soni 25 ming kishiga ko‘paydi. Bir yarim oy avval, ya’ni 12-iyun kuni prezident harbiy xizmatchilar sonini 1,51 million kishi etib belgilagan edi. O‘sha paytda Rossiya Qurolli kuchlarining umumiy shtat soni taxminan 7300 kishiga oshgan.

Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev aprel oxirida 2026-yil boshidan beri 127 ming kishi Qurolli kuchlar bilan shartnoma imzolaganini ma’lum qilgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, yana 10 ming kishi ko‘ngillilar otryadlarida xizmat qilish uchun shartnoma tuzgan. Medvedev 2025-yilda jami 450 ming kishi shartnoma imzolashi haqida ham aytib o‘tgan.

Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya 500 ming kishini safarbar etishga tayyorlanayotganini aytgandi.

“Putin urushni to‘xtatishga tayyor emas... U safarbarlikni kuchaytirishni xohlaydi. Ochiqchasiga emas, chunki u o‘z jamiyatidan qo‘rqadi, ammo biz unga logistika, qurol-yarog‘, benzin, dizel yonilg‘isi bilan bog‘liq muammolar tug‘dirmasak va hamkorlarimiz sanksiyalarni kuchaytirmasa, u buni oktyabr oyining boshida amalga oshiradi”, degan Ukraina prezidenti.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.