Dunyo

Rossiya har oyda frontda jalb qilayotganidan 6 ming nafar koʻproq askar yoʻqotmoqda

Rossiya Ukrainadagi urush uchun kuniga qariyb ming nafar yangi harbiyni jalb qilayotganiga qaramay, bu koʻrsatkich halok boʻlgan va yaralanganlar oʻrnini toʻldirish uchun yetarli boʻlmayapti. Gʻarb rasmiylari hisob-kitobiga koʻra, Rossiyaning janglardagi yoʻqotishlari bilan yangi jalb qilinayotgan harbiylar soni oʻrtasidagi farq oyiga qariyb 6 ming nafarni tashkil etmoqda.

Rossiya har oyda frontda yoʻqotayotgan askarlari soni yangi jalb qilinayotganlardan 6 ming nafarga koʻproq. Bu haqda The Guardian nashri Gʻarb rasmiylariga tayanib xabar berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, Rossiya hukumati hozirda kuniga oʻrtacha 1000 nafar yangi harbiyni armiya safiga olmoqda. Biroq, soʻnggi ikki oy davomida bu surʼat ham frontda halok boʻlgan va yaralangan harbiylar oʻrnini toʻliq qoplash uchun yetarli boʻlmagan.

"Bizning hisob-kitoblarimizga koʻra, Rossiyaning janglar natijasida yoʻqotayotgan harbiylari bilan jalb qilishga muvaffaq boʻlayotgan odamlari oʻrtasidagi farq hozirda oyiga taxminan 6 ming nafarni tashkil etmoqda", - degan nashr bilan suhbatlashgan Gʻarb rasmiylaridan biri.

Manbaga koʻra, Rossiyaning yangi harbiylarni jalb qilish hisobiga frontdagi katta yoʻqotishlarni qoplash imkoniyati cheklangan. Gʻarb rasmiylari bu holatni Moskva soʻnggi vaqtlarda Ukraina infratuzilmasiga havo zarbalarini kuchaytirganini izohlovchi omillardan biri sifatida koʻrmoqda.

The Guardian keltirgan maʼlumotlarga koʻra, iyul oyi boshidan buyon Rossiya armiyasi Ukrainaga 360 dan ortiq raketa uchirgan. Nashr bu jarayonda Kiyevning ballistik raketalarga qarshi mudofaa vositalari yetishmasligi ham muhim omil boʻlayotganini qayd etgan.

Gʻarb rasmiylaridan birining fikricha, Rossiya qish mavsumida Ukraina energetika infratuzilmasiga zarbalar berish orqali mamlakat aholisi va jamiyatining ruhiy barqarorligiga bosim oʻtkazishga urinishi mumkin.

Shu bilan birga, Gʻarb rasmiylari Rossiyada yangi keng koʻlamli safarbarlik eʼlon qilinishi ehtimoli siyosiy va iqtisodiy jihatdan jiddiy tavakkalchiliklarni keltirib chiqarishi mumkinligini taʼkidlamoqda.

Bunda 2022-yil kuzida Rossiyada qisman safarbarlik eʼlon qilinganidan keyin mamlakatni koʻplab fuqarolar tark etgani eslatilgan. The Guardian keltirgan bahoga koʻra, oʻsha davrda Rossiyadan qariyb bir million kishi chiqib ketgan va ular orasida yuqori malakali mutaxassislar ham koʻp boʻlgan.

Bundan tashqari, yangi safarbarlik eʼlon qilingan taqdirda Rossiya armiyasi bir necha yuz ming nafar yangi harbiyni qisqa vaqt ichida qabul qilish, tayyorlash va zarur jihozlar bilan taʼminlash imkoniyatiga egami, degan savol ham ochiq qolmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.