Dunyo

Ukraina YeIning yangi mudofaa guruhiga kiritiladi

Ukraina Yevropa mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirish boʻyicha yechimlar ishlab chiqadigan yangi yuqori darajali guruh tarkibiga kiritiladi. YEI tashqi siyosat rahbari Kaya Kallasning aytishicha, Ukraina jang maydonidagi harbiy innovatsiyalar sohasida «jahon yetakchisi» boʻlib, uning tajribasidan Yevropa mudofaasidagi kamchiliklarni bartaraf etishda foydalaniladi.

Ukraina Yevropa Ittifoqining yangi mudofaa guruhiga qoʻshiladi. Bu guruh Yevropa mudofaa salohiyatini oshirish boʻyicha aniq yechimlarni ishlab chiqishga qaratilgan. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili Kaya Kallas maʼlum qildi.

Kallasning soʻzlariga koʻra, yaqin kunlarda ish boshlaydigan ushbu yuqori darajali guruh tarkibiga Yevropa Ittifoqi davlatlari, Buyuk Britaniya va Ukrainadan yuqori martabali siyosatchilar va harbiylar kiritiladi. U bu maʼlumotni 1-sentabr kuni Irlandiyaning Uiklou shahrida boʻlib oʻtgan YEI mudofaa vazirlarining norasmiy uchrashuvi yakunlari boʻyicha eʼlon qildi.

Hozircha Ukrainadan yangi guruhga kimlar kirishi aniq emas. Kallasning aytishicha, guruhning toʻliq tarkibi kelasi hafta taqdim etiladi.

U yangi tashabbusga qiziqish yuqori ekanini taʼkidlab, guruh faqat davlat va xalqaro institutlar doirasidagi yondashuvlar bilan cheklanib qolmasligi kerakligini bildirdi. Xususiy mudofaa kompaniyalarining taklif va gʻoyalarini ham hisobga olish rejalashtirilgan.

Kallas YEI davlatlarining aksariyati bir vaqtning oʻzida NATO aʼzosi ekanini eslatdi. Biroq, uning fikricha, Yevropaning anʼanaviy mudofaa imkoniyatlarida hali ham toʻldirilishi kerak boʻlgan boʻshliqlar mavjud. Uning soʻzlariga koʻra, Yevropa oʻsib borayotgan tahdidlarga qaramay, mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirishda shu paytgacha yetarlicha tez harakat qilmagan.

Yangi guruhning asosiy vazifasi mudofaa sohasidagi mavjud kamchiliklarni qisqa muddatda va samarali usulda bartaraf etish boʻyicha aniq yechimlarni ishlab chiqishdan iborat boʻladi. "Aynan shuning uchun biz Ukraina tajribasi katta ekanini hisobga olib, uni ham guruh tarkibiga kirityapmiz", dedi Kallas.

Guruh tomonidan ishlab chiqiladigan tavsiyalar Yevropa davlatlari va tegishli institutlarga taqdim etiladi.

Kaya Kallas Ukraina harbiy innovatsiyalar sohasida katta tajriba toʻplaganini ham taʼkidladi. U Ukrainani "jang maydonidagi innovatsiyalar boʻyicha jahon yetakchisi" deb atadi.

Uning maʼlum qilishicha, hozirda Ukraina va Yevropa mudofaa kompaniyalari oʻrtasida 120 dan ortiq hamkorlik loyihasi mavjud. Kallas Ukraina va YEI mudofaa sanoatining yanada yaqin integratsiyalashuvi har ikki tomon manfaatlariga xizmat qilishini bildirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.