Ukraina Rossiya boʻylab qariyb 500 ta dron uchirdi. Moskva ommaviy zarbalar berishga tayyorlanmoqda
Rossiya Mudofaa vazirligi «olingan koʻrsatmalarga muvofiq» Ukrainaning energetika obyektlariga yoppasiga zarbalar berishga tayyorgarlik koʻrishni boshlaganini eʼlon qildi.

Ukraina Rossiya boʻylab qariyb 500 ta dron uchirdi. Moskva ommaviy zarbalar berishga tayyorlanmoqda.
30-avgustga oʻtar kechasi Ukraina dronlari Rossiyaning Leningrad viloyatiga hujum qildi. Mintaqa gubernatori Aleksandr Drozdenko hujum davomida 62 ta dron urib tushirilganini maʼlum qildi.
Gubernator Kirishi shahri sanoat zonasida "yongʻin qayd etilgani"ni bildirdi, ammo boshqa tafsilotlarni keltirmadi. Astra nashri guvohlarga tayanib yozishicha, yongʻin taxminan Kirishidagi "Kirishinefteorgsintez" neftni qayta ishlash zavodida sodir boʻlgan. Bu Rossiyaning Yevropa qismida shu turdagi eng yirik zavod hisoblanadi. Zavodga qilingan hujum haqidagi maʼlumotlar rasman tasdiqlanmadi.
Leningraddagi ushbu neftni qayta ishlash zavodi Rossiya-Ukraina urushi davomida bir necha bor dronlar hujumiga uchragan. Nashrning yozishicha, 2026-yil may oyi boshida "Kirishinefteorgsintez" oʻz ishini toʻxtatgan edi.
Shuningdek, urushni yorituvchi kanallar shahardagi koʻp qavatli uyning yuqori qavatlarida yuz bergan portlash aks etgan videoni eʼlon qildi. Videoda havo hujumidan mudofaa tizimi ishlagani eshitiladi. Video Kirishi shahrida suratga olingani aytilmoqda, jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.
Keyinroq gubernator Drozdenko sanoat zonasiga qilingan dronlar hujumini qaytarish oqibatida bir nechta turar-joy binolari shikastlangani haqida xabar berdi. Qulagan dronlar "Pribrejniy" bogʻi va maktab yonidagi hududdan ham topilgan. Drozdenkoning soʻzlariga koʻra, sanoat zonasi hududidagi yongʻin ham bartaraf etilgan.
Rossiya harbiylari tun davomida 15 mintaqada, Azov va Qora dengiz akvatoriyalari ustida Ukrainaning 494 ta droni tutib olgani va yoʻq qilinganini maʼlum qildi.
Rossiya ommaviy zarbalarga tayyorlanmoqda. 30-avgust kuni Rossiya Mudofaa vazirligi "olingan koʻrsatmalarga muvofiq" Ukrainaning energetika obyektlariga yoppasiga zarbalar berishga tayyorgarlik koʻrishni boshlaganini maʼlum qildi.

