Moskva osmonida tun bo‘yi dronlar urib tushirildi
17-avgust kechqurunidan 18-avgust tongiga qadar Moskva viloyati hududida 180 dan ortiq uchuvchisiz uchish apparati yo‘q qilingan. Moskva meri Sergey Sobyaninning ma’lum qilishicha, tun davomida Moskva mintaqasi tomon jami 620 ta dron harakatlangan. Hujum oqibatida bir necha kishi jarohatlangan, ayrim ob’yektlarga zarar yetgan va Moskva aeroportlarida vaqtinchalik cheklovlar joriy qilingan.

Moskva osmonida butun tun davomida dronlar urib tushirildi.
Moskva meri Sergey Sobyaninning 18-avgust kuni erta tongda Telegram orqali ma’lum qilishicha, 17-avgust dushanba oqshomidan 18-avgust seshanba kuni soat 05:00 gacha Moskva viloyati hududida 180 dan ortiq uchuvchisiz uchish apparati yo‘q qilingan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shu vaqt mobaynida Moskva mintaqasi tomon jami 620 ta dron uchgan. Sobyanin dronlar qaysi ob’yektlarni nishonga olgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot bermagan.
Ayni paytda, "Ostorojno, novosti" Telegram-kanali o‘z o‘quvchilariga tayanib, tun davomida Moskva viloyatining Noginsk, Jeleznodorojniy va Elektrostal hududlarida ko‘plab portlash ovozlari eshitilganini xabar qildi. Shuningdek, Pavlovskiy Posad hududida ham ko‘p sonli dronlar kuzatilgani aytilmoqda.
Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyovning ma’lum qilishicha, Ramenskoye okrugida dronning xususiy uy ustiga qulab tushishi oqibatida 10 yoshli qiz qo‘lidan parcha jarohati olgan. U shifoxonaga yotqizilgan.
Bogorodskiy okrugida bir ayolga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Kolomnada esa 27 yoshli erkak jarohatlangan.
Kolomnada dron qoldiqlari qulab tushishi natijasida "Globus" savdo markazi yaqinidagi savdo pavilonida yong‘in chiqqan. Bundan tashqari, Moskva viloyatining Bogorodskiy okrugidagi "Atlant-park" hududida joylashgan Wildberries omboriga ham dron kelib urilgani xabar qilindi.
Hujum fonida Moskva aeroportlari faoliyatiga ham cheklovlar kiritildi. Rossiya aviatsiyasi federal agentligi - Rosaviatsiya Vnukovo, Domodedovo va Jukovskiy aeroportlarida samolyotlarni qabul qilish va uchirishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilganini ma’lum qildi.
Sheremetevo aeroporti atrofidagi havo hududidan foydalanishga ham cheklovlar qo‘yilgan. Biroq aeroportda reyslarni qabul qilish va jo‘natish tegishli idoralar bilan kelishilgan holda davom ettirilgan.
Ukrainaning Exilenova+ monitoring Telegram-kanali esa Moskva viloyatida dronlar hujumi va havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlayotgani aks etgani aytilgan videolarni tarqatdi.
Ayrim videolar va xabarlarga qaraganda, Moskva viloyatining Kotelniki shahridagi "Dyuna" turar joy majmuasi ham hujum oqibatida zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Mazkur turar joy majmuasi Moskva neftni qayta ishlash zavodidan taxminan besh kilometr sharqda joylashgan.
Moskva neftni qayta ishlash zavodi so‘nggi vaqtlarda bir necha bor Ukraina dronlari hujumi nishonlaridan biri bo‘lgan. Kotelniki hududida portlashlar eshitilgani haqida "Ostorojno, novosti" Telegram-kanali ham xabar bergan.
Hozircha Moskva neftni qayta ishlash zavodining o‘ziga zarar yetgani haqida tasdiqlangan ma’lumot keltirilmagan.

