Ukraina Patriot raketalari tanqisligini maʼlum qildi
Germaniya Ukrainaga Patriot havo mudofaa tizimlari uchun qoʻshimcha PAC-2 raketalarini shoshilinch ravishda yetkazib beradi. Britaniya esa raketalarni tutib qolish vositalarini xarid qilish uchun 100 mln funt sterling ajratadi. Berlin va London boshqa ittifoqchilarni ham qish arafasida Ukraina havo mudofaasini kuchaytirishga chaqirdi.

Ukraina Patriot raketalari yetishmayotganini bildirdi
Ukraina mudofaasi boʻyicha Kontakt guruhi — «Ramshtayn» formatidagi 36-yigʻilishda Germaniya va Buyuk Britaniya Kiyevga yangi harbiy yordam paketlarini eʼlon qildi. 8-sentabr kuni videokonferensiya tarzida oʻtgan yigʻilishda qariyb 50 davlat vakillari qatnashdi.
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Berlin Bundesver omborlaridan Ukrainaga Patriot havo mudofaa tizimlari uchun PAC-2 tutib qoluvchi raketalarini zudlik bilan yuborishini maʼlum qildi.
Pistorius Kontakt guruhidagi boshqa davlatlarni ham oʻz harbiy zaxiralarini qayta koʻrib chiqib, Ukrainaga shunday raketalarni yetkazishga chaqirdi.
Uning aytishicha, Yevropa davlatlari bir tomondan oʻz xavfsizlik ehtiyojlarini taʼminlashi, ikkinchi tomondan esa Ukrainaga shoshilinch yordam berishi kerak. Bu ikki vazifa oʻrtasida muvozanatni saqlash oson emasligini tan olgan Germaniya mudofaa vaziri shubha tugʻilgan holatlarda Ukraina foydasiga qaror qilishga chaqirdi.
Pistorius Ukraina havo mudofaasini kuchaytirishni hozirgi eng dolzarb ehtiyoj deb atadi. Uning fikricha, qish yaqinlashgani sari Rossiyaning havo hujumlari kuchayishi mumkin. Shu bois Ukraina qishga tayyorgarlik koʻrishda vaqt bilan poygada ekani taʼkidlandi.
Germaniya PAC-2 raketalaridan tashqari, Bundesver zaxiralaridan AIM-9 «havo-havo» raketalarini yetkazib berish hajmini ham oshiradi. Berlin IRIS-T havo mudofaa tizimlari va ular uchun raketalarni yetkazib berishni ham davom ettiradi.
Ukraina yana bir necha ming boshqariluvchi IRIS-T raketalarini buyurtma qilishni rejalashtirmoqda. Bu xaridlarni Ukrainaga yordam uchun ajratilgan Yevropa Ittifoqi krediti hisobidan moliyalashtirish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, Germaniya Ukrainaga dronlar yetkazib berishni davom ettiradi hamda bir necha oʻn ming uzoq masofali artilleriya snaryadlarini xarid qilishni moliyalashtiradi. Ushbu oʻq-dorilar Britaniya boshchiligidagi artilleriya va havo mudofaasi konsorsiumi orqali olinishi rejalashtirilgan.
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ues Stritting yigʻilishda PURL dasturi doirasida raketalarni tutib qolish vositalarini tezkor yetkazib berish uchun 100 mln funt sterling ajratilishini bildirdi.
London, shuningdek, joriy yil davomida Ukrainaga 120 mingta dron yetkazib berish boʻyicha majburiyatini bajarishda davom etmoqda. Britaniya tomoni maʼlumotiga koʻra, ularning 25 mingdan ortigʻi allaqachon Ukrainaga berilgan, qolgan dronlar qish boshlanguniga qadar yetkazib berilishi kerak.

