Buyuk Britaniya Ukraina HHMga yordamni kuchaytiradi
Buyuk Britaniya Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish uchun qoʻshimcha 100 mln funt sterling (qariyb 117 mln yevro) miqdorida harbiy yordam ajratadi. Yangi paketga, jumladan, Patriot zenit-raketa majmualari uchun raketalar kiritiladi.

Buyuk Britaniya Ukraina HHMga yordamni kuchaytiradi
Bu haqda 8-sentabr kuni Buyuk Britaniya hukumati xabar berdi.
Yangi yordam paketi Ukrainaga qish mavsumida Rossiyaning hujumlaridan himoyalanish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan.
Paket doirasida AQShda ishlab chiqarilgan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar yuborilishi rejalashtirilgan. Britaniya hukumati yordam tarkibiga yana qanday qurol-yarogʻ yoki harbiy texnika kiritilishini hozircha oshkor qilmagan.
Londonning yangi yordam paketi Ukraina mudofaasi boʻyicha Kontakt guruhining «Ramshtayn» formatidagi navbatdagi yigʻilishi oldidan eʼlon qilindi. Yigʻilishga Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ues Striting va Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius hamraislik qiladi. Mazkur guruh Ukrainaga harbiy texnika va qurol-yarogʻ yetkazib berayotgan qariyb 50 ta davlatni birlashtiradi.
Stritingning aytishicha, qish davrida Ukraina uchun havo hujumidan mudofaa vositalari bilan qoʻllab-quvvatlash ayniqsa muhim. U Rossiya qish mavsumida Ukrainadagi fuqarolik va energetika obyektlariga hujumlarni davom ettirishi mumkinligini bildirgan.
Buyuk Britaniya joriy yil mart oyida ham Ukraina HHM uchun 100 mln funt sterlinglik yordam paketini eʼlon qilgan edi. Oʻsha paytda London ikki oy ichida Ukraina havo hujumidan mudofaasini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha majburiyatlarining umumiy hajmi 600 mln funtga yetganini maʼlum qilgan.
Umuman olganda, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri Buyuk Britaniya Kiyevga 16 mlrd funt sterling, yaʼni qariyb 18,7 mlrd yevro miqdorida harbiy yordam berish majburiyatini olgan.
Bundan tashqari, iyun oyida Britaniya hukumati Ukrainaga 150 mingta dron, 350 dan ortiq havo hujumidan mudofaa raketasi va radiolokatsiya tizimlarini yetkazib berish uchun 752 mln funt sterling ajratilishini bildirgan. Ushbu yetkazib berishlar 2026-yil oxirigacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
London maʼlumotiga koʻra, Ukrainaga shu paytgacha 250 mingdan ortiq dron, 8 mingta raketa va 350 mingta artilleriya snaryadi berilgan. Shuningdek, Buyuk Britaniya 60 mingdan ziyod ukrainalik harbiyni tayyorlagan.
Buyuk Britaniya 2030–2031-yillargacha Ukrainaga har yili 3 mlrd funt sterling atrofida harbiy yordam koʻrsatishni rejalashtirmoqda. 2026-yilda esa Britaniyaning Ukrainaga harbiy koʻmagi 3,75 mlrd funt sterlingni tashkil etishi kutilmoqda.

