Uganda Shahzoda Garrining Invictus Games (Yengilmas oʻyinlar) musobaqasidan chiqmoqda, deydi harbiy qoʻmondon
Mudofaa boshligʻi tomonidan eʼlon qilingan ushbu qaror Uganda ishtirok etishini maʼlum qilganidan atigi ikki oy oʻtib qabul qilindi.

Uganda Shahzoda Garrining Invictus Games oʻyinlaridan chiqmoqda, deydi harbiy qoʻmondon
Shahzoda Garri iyul oyida Uganda Invictus Games oʻyinlariga qoʻshilganini aytgan edi
Uganda yarador harbiy faxriylar uchun Sasseks gertsogi tomonidan tashkil etiladigan Invictus Games sport musobaqasida ishtirok etishini eʼlon qilganidan atigi ikki oy oʻtib, unda qatnashishdan bosh tortmoqda.
Afrika davlati prezidentining oʻgʻli va mudofaa kuchlari qoʻmondoni general Muhoozi Kaynerugaba bu haqdagi qarorni X ijtimoiy tarmogʻidagi postida maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, musobaqadan chiqish qarori "Uning Oliy Hazrati Qirol Karl III ga qarshi chiqish sifatida talqin qilinmasligi uchun" qabul qilingan.
Uganda hukumati matbuot kotibi buni BBC'ga tasdiqladi: "General Kaynerugaba UPDF [Uganda xalq mudofaa kuchlari] Invictus Games oʻyinlarida ishtirok etish-etmasligini oʻzi hal qiladi. Siz koʻrgan narsa — uning bayon qilgan pozitsiyasi. Agar u oʻzgarsa, u bu haqda dunyoga maʼlum qiladi".
Uganda harbiy qoʻmondonining ushbu bayonoti shu hafta qirol nomidan yuborilgan va hozirda Buyuk Britaniyaga qaytgan shahzoda Garri va Megan qirollik oilasining rasmiy vazifalarini bajaruvchi aʼzolari emasligini aniq koʻrsatib bergan xatdan keyin yangradi.
The Times nashrining xabarida generalning "Garri va Megan bemaʼniligi" haqidagi xavotirlari keltirilgan boʻlib, bu qarorga aynan shu narsa sabab boʻlganiga ishora qilingan.
"Biz chuqur hurmat qiladigan Buyuk Britaniya Qiroli Uning Oliy Hazrati Karl III ga qarshi chiqish sifatida talqin qilinmasligi uchun Uganda Invictus Games oʻyinlaridan chiqadi", — deb yozdi general tunda eʼlon qilgan postida.
"Biz Uning Oliy Hazratining roziligi boʻlmagan hech qanday tadbirda ishtirok etmaymiz".
Biroq, qirollik oilasiga yaqin manbalarning taʼkidlashicha, Qirol yarador harbiy xizmatchilarga yordam beradigan barcha loyihalarni qoʻllab-quvvatlaydi.
Invictus Games vakili musobaqadan chiqish toʻgʻrisida hech qanday rasmiy bildirishnoma olmaganini va Ugandadagi aloqador shaxslardan vaziyatga oydinlik kiritishni soʻrayotganini maʼlum qildi.
General Kaynerugabaning payshanba kungi boshqa X postlari orasida shunday soʻzlar ham bor edi: "Men oʻzimni dunyodagi eng kelishgan, eng jasur va ulugʻvor Qoʻmondon deb hisoblayman".
U, shuningdek, uning ruxsatisiz raqsga tushgan boshqa generallar haqida bir qator gʻazabli xabarlarni ham joylashtirgan.
Ugandaning kelgusi yilda Birmingemda boʻlib oʻtadigan navbatdagi oʻyinlarda ishtirok etishi iyul oyida, shahzoda Garri Londonda yarador harbiy xizmatchilarning irodasi va reabilitatsiyasiga bagʻishlangan ushbu sport tadbirini targʻib qilayotgan paytda eʼlon qilingan edi.
Uganda ushbu oʻyinlarda ishtirok etuvchi 26-davlatga aylangan edi.

