Uch oylik taqiq nega bekor qilindi? Yevropada Rossiya moʻynasi ustida bahs
Yevroparlament Rossiyadan suvsar moʻynasini olib kirishga qoʻyilgan taqiqni tiklashga chaqirdi. Cheklov 2026-yil aprelida joriy etilgan, ammo uch oydan soʻng ayrim mamlakatlar moʻyna sanoati manfaatlarini koʻzlab undan istisno qilingan. OAV maʼlumotlariga koʻra, bunday yengillikni Gretsiya va Italiya soʻragan.

Uch oylik taqiq nega bekor qilindi? Yevropada Rossiya moʻynasi atrofida bahs
DW xabariga koʻra, bu talab 22-oktabr kuni Strasburgda qabul qilingan, Rossiya hujumlarining kuchayishi va Qora dengizda kema qatnovi xavfsizligiga bagʻishlangan rezolyutsiyaga kiritilgan.
Taklif ovoz berish chogʻida soʻl fraksiya vakili, niderlandiyalik deputat Anya Xazekamp tomonidan ogʻzaki tarzda ilgari surilgan. Yakuniy matnda Yevroparlament suvsar moʻynasi importiga taqiq bekor qilinganidan afsus bildirgan va Yevropa Ittifoqi kengashi hamda Yevrokomissiyani cheklovni qayta tiklashga chaqirgan.
Biroq bu chaqiriqning oʻzi taqiqning yana kuchga kirganini anglatmaydi. Xabarga koʻra, Bryussel hozir Rossiyaga qarshi 22-sanksiyalar paketini tayyorlamoqda.
Ovoz berishdan keyingi muhokamada xalqaro hamkorlik boʻyicha yevrokomissar Yozef Sikela istisno YeIning ayrim davlatlari talabi bilan kiritilganini aytgan. Ular oʻz moʻyna sanoati Rossiya xomashyosiga bogʻliqligini va uni boshqa mamlakatlardan yetkazib berish bilan almashtirishning imkoni yoʻqligini asos qilib keltirgan.
Sikelaning soʻzlariga koʻra, Rossiya moʻynalari, jumladan, suvsar moʻynasi importini taqiqlashni avval Yevrokomissiya taklif qilgan. Cheklov aprelda joriy etilgan, iyulda esa barcha 27 aʼzo davlat suvsar uchun istisno qilishga bir ovozdan rozi boʻlgan.
Yevrokomissar qaysi davlatlar buni soʻraganini oshkor qilmagan. U sanksiyalarni oʻzgartirish uchun YEI kengashida barcha aʼzo mamlakatlarning roziligi zarurligini, taqiqni tiklash ham aynan shu tartibga bogʻliqligini bildirgan.
Yevroparlamentdagi eng yirik fraksiya — Yevropa xalq partiyasi nomidan soʻzlagan polshalik Kshishtof Breyza istisnoni tanqid qilgan. Uning fikricha, Rossiya iqtisodiyotiga tushayotgan har qanday mablagʻ urushni moliyalashtirishga xizmat qiladi, sanksiyalardagi har bir istisno esa Putinga zaiflikni koʻrsatadi.
«Yevropani yangilash» liberal fraksiyasi vakili, finlyandiyalik Katri Kulmuni suvsar moʻynasining deyarli barchasi Rossiyada ishlab chiqarilishini va import Gretsiya hamda Italiya korxonalari uchun muhimligini tan olgan. Biroq u bu holat sanksiyalarni yumshatishni oqlamasligini aytgan.
Kulmuni Finlandiya ham Rossiya bilan savdo va turizm toʻxtashi oqibatida katta iqtisodiy yoʻqotishlarga uchraganini eslatgan. Uning taʼkidlashicha, mamlakatlar sanksiyalarni faqat qiyinchilik boshqalarga tegishli boʻlgan paytdagina qoʻllab-quvvatlashi toʻgʻri emas.

