Dunyo

Turkiyada Erdoʻgʻanni tanqid qilgan Halk TV efiri toʻxtatildi

Turkiyada muxolifatga yaqin Halk TV telekanali tahririyatida tintuv oʻtkazilib, efir vaqtincha toʻxtatildi va kanal tashqi boshqaruvga berildi. Prokuratura bu choralarni telekanal rahbariga qarshi jinoyat ishi bilan bogʻlagan, uning oʻzi esa ayblovlarni rad etib, voqeani siyosiy sabablar bilan izohlagan.

Turkiyada Erdoʻgʻanni tanqid qilgan Halk TV efiri toʻxtatildi

DW xabariga koʻra, Halk TV 14-oktabr kuni ertalab tahririyatga terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash boʻlinmalari xodimlari kirganini bildirgan.

Telekanal jurnalistlarining aytishicha, politsiya binoda tintuv boshlagan, xodimlar esa ish joylariga kiritilmagan.

Hukumat Halk TV’ga vaqtincha boshqaruvchi sifatida Turkiya Omonatlarni sugʻurtalash jamgʻarmasini tayinlagan. Telekanal efiri ustidan nazorat ham shu tuzilmaga oʻtadi.

AP agentligi maʼlumotiga koʻra, prokuratura tintuvlar telekanal rahbari Jafar Mahiroʻgʻliga qarshi ish doirasida oʻtkazilayotganini maʼlum qilgan. U pora olish, tenderlarda firibgarlik va pul yuvishda gumon qilinmoqda.

Ish yuzasidan 17 kishini hibsga olishga order berilgan. Xabar eʼlon qilingan vaqtda ularning 11 nafari ushlangan.

Turkiyadan tashqarida boʻlgan Mahiroʻgʻli ayblovlarni «asossiz» deb atagan. U tahririyatdagi tintuv va telekanalning tashqi boshqaruvga oʻtkazilishini siyosiy sabablarga bogʻlagan. Shuningdek, uning aytishicha, yetti nafar qarindoshi ham ushlangan.

dpa agentligi Halk TV muxolifatdagi Respublika xalq partiyasiga yaqin hisoblanishi va prezident Rajab Toyyib Erdoʻgʻan hamda uning Adolat va taraqqiyot partiyasini muntazam tanqid qilib kelganini qayd etgan.

Bir yil avval Turkiyada boshqa bir muxolif telekanal — Tele1 ham vaqtincha tashqi boshqaruvga oʻtkazilgan edi. Uning bosh muharriri Merdan Yanardag josuslik ayblovi bilan qamoqqa olingan, telekanal nazorati esa Omonatlarni sugʻurtalash jamgʻarmasiga berilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.