Turkiyada dengizda bedarak yo'qolgan 54 yoshli o'zbekistonlik erkakni qidirish ishlari yakunlandi.

Turkiyada dengizda bedarak yo'qolgan 54 yoshli O'zbekiston fuqarosini qidirish ishlari yakunlandi. Uning jasadi ikki kunlik qidiruvdan so'ng qutqaruvchilar tomonidan Istanbulning Osiyo tomonidagi Shile tumanida topildi.
Mahalliy OAV xabarlariga ko'ra, voqea 16-avgust kuni soat taxminan 15:15 da Macera Park plyajida sodir bo'lgan. Besh nafar suzuvchi kuchli oqimga tushib, cho'kib keta boshlagan. Sohil qo'riqchilari, o't o'chiruvchilar va tibbiyot xodimlari tezda voqea joyiga yetib kelishdi. To'rt kishi qutqarildi, ammo beshinchi erkak dengizga olib chiqildi va ko'zdan g'oyib bo'ldi.
Qidiruv-qutqaruv operatsiyasida sohil qo'riqchilari qayiqlari, o't o'chirish guruhlari va ko'ngillilar ishtirok etishdi. Qorakiraz tumanidagi qidiruv hududlari ham havodan kuzatildi. 18-avgust kuni tushdan keyin sohil qo'riqchilari marhumning jasadini suvdan topib, Sud tibbiyoti instituti o'likxonasiga olib borishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda marhum Turkiyada yashovchi Qo'qonlik taniqli biznesmen va jamoat arbobi bo'lganligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Rasmiylar bu ma'lumotga hali izoh berishmadi.
Avvalroq, Rossiyaning Ufa shahrida O'zbekiston fuqarosi vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Erkak taqiqlangan hududda suzishga qaror qilganidan so'ng Belaya daryosida cho'kib ketgan.

