Qirg‘izistonda xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki o‘zbekistonlik ushlandi

Qirg‘izistonning O‘sh shahrida xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda “24.kg” nashri shahar militsiya boshqarmasiga tayanib xabar berdi.
Qo‘lga olinganlardan birinchisi, 1988-yilda tug‘ilgan shaxs 6-avgust kuni Masaliyev ko‘chasidagi xonadonlardan birida ushlangan. Andijon viloyatida yashovchi bu shaxs ilgari bir necha bor sudlangan. U 2025-yil 31-dekabrdan beri xalqaro qidiruvda bo‘lib, O‘zbekistonda fuqarolarga va huquq-tartibot xodimlariga nisbatan kuch ishlatish bilan bog‘liq jinoyatlarda gumonlanmoqda.
Ikkinchi shaxs, 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro 7-avgust kuni Avitsenna ko‘chasida qo‘lga olingan. U ham Andijon viloyati rezidenti bo‘lib, Toshkentda qotillik sodir etganlikda gumonlanib, qidiruvga berilgan.
Hozirda har ikkala shaxs O‘sh shahar IIBning vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanmoqda. Ularni O‘zbekiston huquq-tartibot organlariga topshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Qirg‘izistonda 3 yil davomida qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik aka-ukalar ham ushlangani xabar qilingan edi. Qadamjoy tumanida qo‘lga olingan bu shaxslar fuqarolarni plastik deraza yasab berish va’dasi bilan aldaganlikda gumonlangan.

