Turkiya Saudiya Arabistoniga harbiy yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi

Turkiya Saudiya Arabistoniga harbiy yordam berishga tayyor ekanini ma’lum qildi
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan husiylar hujumlari tufayli Saudiya Arabistonida harbiy ehtiyojlar paydo bo‘lishi mumkinligini va Anqara ularni qondirishga tayyorligini aytdi.
“Biz Saudiya Arabistonining hududiy yaxlitligi va suverenitetiga juda jiddiy hujumlar bo‘layotganini ko‘ryapmiz. Bizning paktimizda ittifoqchilik kelishuvi mavjud. Biz bu masalada birdammiz...Ularning ma’lum harbiy ehtiyojlari bo‘lishi mumkin, ayniqsa, ba’zi texnik masalalar bo‘yicha. Ularni qondirish biz uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi”, dedi Fidan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, gap Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston avgust oyida imzolagan Makka qo‘shma mudofaa bitimi doirasidagi ittifoqchilik majburiyatlarini bajarish haqida ketmoqda. Hujjatga ko‘ra, uch davlatdan biriga qurolli hujum uyushtirilishi ularning barchasiga qilingan hujum sifatida baholanadi. Biroq shartnomada harbiy javob berishning aniq mexanizmlari batafsil ko‘rsatilmagan.
Shu bilan birga, Fidan Saudiya Arabistonini AQSH va Eron o‘rtasidagi urushga tortib bo‘lmasligini ta’kidladi. U Ar Riyod bu mojaroning ishtirokchisi bo‘lishni istamasligini, Turkiya esa tomonlarga jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha yangi takliflar yetkazganini aytdi.
“Tashabbuslar juda ko‘p, lekin tomonlar ularni qabul qilishi kerak. Yangi takliflar bor, umid qilamanki, ularni qabul qilishadi. Aks holda, inqirozga ma’lum vaqtgacha chidash mumkin, ammo iqtisodiy oqibatlar allaqachon chegaradan chiqishni boshladi”, dedi Turkiya tashqi ishlar vaziri.
Tomonlar o‘rtasidagi ziddiyat Saudiya Arabistoni iyul oyida Eron samolyotining Sana aeroportiga qo‘nishiga to‘sqinlik qilgach, kuchaydi. Bortda Eronning sobiq oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning dafn marosimidan qaytayotgan yuqori martabali husiy amaldorlar bo‘lgan.
Shundan so‘ng husiylar Qizil dengizda Saudiya Arabistoni tankerlariga hujum qilib, qirollikning neft eksportida muhim bo‘lgan yo‘nalishga tahdid soldi. O‘tgan hafta ular Qizil dengizdagi port shahri hamda Saudiya Arabistonining neft eksporti uchun muhim bo‘lgan va Hormuz bo‘g‘oziga muqobil dengiz yo‘li sifatida ko‘riladigan Bob al-Mandab bo‘g‘ozi yaqinidagi orollarni egallab oldi.
Reuters manbalariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Xitoyga murojaat qilib, husiylarga ta’sir o‘tkazishda yordam so‘ragan. Shundan so‘ng Pekin husiylarni tiyib turish uchun Eronga bosim o‘tkazgan. Eron tomoni bu murojaatga javoban mintaqadagi barqarorlik va tinchlik AQSH hamda Isroilning Eronga qarshi urushini to‘xtatishga bog‘liq ekanini bildirgan. Makka shartnomasi a’zosi bo‘lgan Pokiston majburiyatlarini bajarishga tayyorligini bildirgan.

