Dunyo

Saudiya Xitoydan Eron va husiylarga bosim o‘tkazishni so‘radi — manba

Saudiya Xitoydan Eron va husiylarga bosim o‘tkazishni so‘radi — manba

Saudiya Arabistoni husiylarga ta’sir ko‘rsatishda yordam berishi uchun Xitoyga murojaat qilgan. Shundan keyin Pekin Eronga Yaman husiylarini to‘xtatishga chaqirgan. Reuters bu haqda vaziyatdan xabardor uchta eronlik manbaga tayanib xabar berdi.

So‘nggi haftada husiylar Qizil dengiz qirg‘oqlari va Bob al-Mandab bo‘g‘ozi atrofida tez sur’atda oldinga siljidi. Bu holat Saudiya neft eksporti hamda kemalar qatnovi uchun xavf tug‘dira boshladi. Shu sabab Ar-Riyod Xitoydan yordam so‘rashga majbur bo‘ldi.

Xitoy avval ham ochiqchasiga vazminlik, muloqot va xavfsiz dengiz qatnovini tiklashga chaqirgan edi. Biroq mamlakatning Eronga yuborgan xabari rasmiy bayonotlarga qaraganda qat’iyroq bo‘lgani aytilmoqda.

Xitoy dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyot bo‘lib, uning iqtisodiyoti energiya yo‘llariga juda bog‘liq. Shu sabab Pekin Eronning husiylarga ta’siridan foydalanishini va mojaroning energiya yo‘llariga tarqalib ketishining oldi olinishini istaydi.

Xabar qanday yetkazilgani borasidagi tafsilotlar oshkor etilmadi. Bu muloqot Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining 16-sentyabr kuni Xitoyga qilgan tashrifi chog‘ida bo‘lgan-bo‘lmagani ham noma’lum. Manbalarga ko‘ra, Xitoy rasmiylari Tehronni iqtisodiy choralar bilan tahdid qilmagan.

Eron tomoni bu murojaatga javoban mintaqadagi barqarorlik va tinchlik AQSH hamda Isroilning Eronga qarshi urushini to‘xtatishga bog‘liqligini bildirgan.

Reuters so‘roviga javoban Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ham munosabat bildirdi. Vazirlik Pekin mintaqaviy keskinlikning Yamanga va Qizil dengizga yoyilishini istamasligini, beqarorlikning kuchayishi esa hech bir tomon manfaatiga mos kelmasligini ta’kidladi.

Shuningdek, barcha davlatlarning suvereniteti va xavfsizligi hurmat qilinishi, aholi hayoti uchun muhim obyektlar nishonga olinmasligi kerakligi aytildi. Xitoy vaziyatni yanada murakkablashtiradigan harakatlarni to‘xtatishga va masalalarni muloqot orqali hal qilishga chaqirdi. Eron Tashqi ishlar vazirligi ham, Saudiya Arabistoni hukumati ham Reuters so‘roviga javob bermadi.

Xitoy o‘n yildan ortiq vaqtdan beri Eronning eng yirik savdo hamkori bo‘lib kelmoqda va mamlakat Eron neftining asosiy xaridoridir. Kpler tahlil kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda Pekin Eron neft eksportining 80 foizdan ortig‘ini sotib olgan. Bu kuniga o‘rtacha 1,4 million barrel degani.

Husiylar 1990-yillarda paydo bo‘lgan. G‘arb va Eron manbalariga ko‘ra, ularni Eron qurollantiradi, o‘qitadi va moliyalashtiradi. Ular Tehronga qarashli “Qarshilik o‘qi”ning bir qismi hisoblanadi.

Eron Hormuz bo‘g‘ozini to‘sishni boshlaganidan beri husiylarning Qizil dengizdagi tahdidi global energiya inqirozini yanada og‘irlashtirmoqda. Agar husiylar Qizil dengizdagi kemalar va portlarga hujumlarni davom ettirsa, Yaqin Sharqning ikkita asosiy neft yo‘li bir vaqtning o‘zida izdan chiqadi.

Ma’lumot o‘rnida, husiylar 16-sentyabr kuni Yaman havo hududida Saudiya Arabistonining F-15 qiruvchi samolyotini urib tushirdi. 15-sentyabr kuni esa Saudiya Makka tomon uchirilgan husiylar dronini yo‘q qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.