Mahalliy

Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev TDTning Ankaradagi sammitida muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Ular orasida — turkiy davlatlar logistika komplekslari tarmogʻini, turkiy turistik alyansni tashkil etish, taʼlim grantlarini ajratish, umumturkiy soʻzlar lugʻatini yaratish va qator boshqa muhim takliflar bor.

Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadi

30 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Anqara shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammitida ishtirok etdi.

«Turkiy asr: tilda, fikrda va ishda birlik» shiori ostida oʻtkazilgan forumda Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston prezidentlari, Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri va Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi ham qatnashdi.

Sammitda kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi hamda aʼzo davlatlar oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston yetakchisi oʻz nutqi avvalida Anqara sammiti yuqori darajada tashkil etilgani uchun Turkiya Prezidentiga minnatdorlik bildirdi.

Tadbir arafasida soʻlim Beshtepe bogʻida davlatlarimizning milliy-madaniy majmuasi ochilgani turkiy xalqlarning umumiy merosini asrab-avaylash yoʻlidagi muhim qadam boʻlgani taʼkidlandi. Ushbu muhtasham inshoot turkiy dunyo birligining yorqin ramziga aylanishiga ishonch bildirildi.

Prezident bugungi kunda xalqaro munosabatlar tizimi tub oʻzgarishlarni boshidan kechirayotgani, geosiyosiy raqobat esa keskinlashib borayotganini taʼkidladi. Turkiy dunyoni oʻrab turgan mintaqalarda davom etayotgan qurolli mojarolar va qarama-qarshiliklar xavfsizlik va taraqqiyot istiqbollariga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda.

Shu munosabat bilan davlat rahbari Turkiy davlatlar tashkilotini oʻzaro ishonch va amaliy sheriklik maydoni sifatida yanada jipslashtirish zarurligiga eʼtibor qaratdi.

«Biz ushbu ezgu yoʻlda birdirmiz va turkiy birdamlik yoʻlida kuch-gʻayratimizni safarbar etishga tayyormiz», – dedi Prezident.

Davlat rahbari turkiy davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar boʻyicha muntazam siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazish, shuningdek, yondashuvlar va saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligi taʼkidlandi. Ushbu maqsadda «Turkiy davlatlar tashkiloti plyus» formatida uchinchi mamlakatlar bilan hamkorlikni soha vazirlarining uchrashuvlaridan boshlash taklif etildi.

«Ushbu muloqotlar savdo, transport, investitsiya va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda muayyan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan boʻlishi kerak», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kamyob minerallarni qayta ishlash va «yashil» energetika uchun uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni oʻz ichiga olgan yuzta strategik qoʻshma investitsiya va sanoat loyihalarini qamrab oluvchi «Turkiy dunyo – 100» dasturini qabul qilish taklif etildi. Bunda ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun Turkiy investitsiya jamgʻarmasi va xalqaro moliya institutlari resurslarini jalb qilish muhim rol oʻynaydi.

Shuningdek, tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida «Tijorat ishlari boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisida»gi koʻp tomonlama shartnomani ishlab chiqish, shuningdek, huquqiy yordam toʻgʻrisidagi soʻrovlar va hujjatlarni elektron ayirboshlash boʻyicha raqamli platforma yaratish tashabbusi ilgari surildi.

Global yetkazib berish zanjirlari oʻzgarayotgan hozirgi sharoitda turkiy davlatlarning geografik joylashuvi va tranzit imkoniyatlari tobora strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Oʻrta koridorni yagona iqtisodiy tizimga aylantirish uchun «Turkiy davlatlar logistika majmualari tarmogʻi»ni yaratish va uni birgalikda boshqarishni taʼminlash taklif etildi. Bu mamlakatlarning xalqaro yuk tashish va logistikadagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, iqtisodiy manfaatdorlikni oshirish imkonini beradi.

Turizm salohiyatini kengaytirish uchun «Turkiy turizm alyansi»ni tashkil etish, shuningdek, fuqarolarning oʻzaro safarlarini soddalashtirish va ID-kartalar orqali sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi koʻp tomonlama bitim ishlab chiqish taklif qilindi.

Oʻzbekistonda xorijiy talabalar uchun taʼsis etilgan «Yangi Oʻzbekiston» stipendiya dasturi doirasida turkiy davlatlar vakillariga har yili taʼlim grantlari ajratishga tayyorlik bildirildi.

Bundan tashqari, tashkilot doirasida 2027 yilni Atrof-muhitni muhofaza qilish yili deb eʼlon qilish haqidagi tashabbus qoʻllab-quvvatlangani uchun alohida minnatdorlik bildirildi. Oʻzbekiston tashabbusi bilan taʼsis etilgan buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot Qozogʻiston xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, elchi Dyusen Kaseinovga topshirilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bastalangan ushbu sammit shioridan kelib chiqib, tillarimizdagi barcha turkiy xalqlar uchun birdek tushunarli boʻlgan umumiy soʻzlarni oʻz ichiga olgan «Umumturkiy soʻzlar lugʻati»ni yaratish taklif etildi.

«Ishonchim komilki, bugungi Anqara sammiti ezgu maqsadimizga erishish, birdamlik gʻoyasini roʻyobga chiqarish va keng koʻlamli rejalarni amalga oshirish yoʻlida muhim qadam boʻladi. Zero, orzu-umidlarimiz va intilishlarimiz oʻxshashdir. Biz birlashsak – yanada kuchli boʻlamiz. Agar ahil boʻlsak – eng yuqori marralarga albatta erishamiz», – dedi davlatimiz rahbari oʻz nutqi yakunida.

Tadbir davomida Oʻzbekiston vakili Mirvohid Azimov nomzodini tashkilotning yangi bosh kotibi lavozimiga qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, kelasi yili navbatdagi sammitni Oʻzbekistonda oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Sammit yakunlari boʻyicha Anqara deklaratsiyasi va Tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan bir qator hujjatlar qabul qilindi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.