Turizm sohasining eng yaxshi vakillari «Turizm fidoyisi» koʻkrak nishoni bilan taqdirlandilar
Toshkentda 27 sentyabr — Butunjahon turizm kuniga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Unda turizm sohasi vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari, tadbirkorlar, soha faxriylari hamda hamkor tashkilotlar ishtirok etdi. Tadbir avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining turizm sohasi xodimlari va faxriylariga yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirildi. Tadbirni ochar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi raisi Abdulaziz Aqqulov tobora ortib borayotgan […]

Turizm sohasining eng yaxshi vakillari «Turizm fidoyisi» koʻkrak nishoni bilan taqdirlandilar
Toshkentda 27 sentyabr — Butunjahon turizm kuniga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Unda turizm sohasi vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari, tadbirkorlar, soha faxriylari hamda hamkor tashkilotlar ishtirok etdi.
Marosim avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining turizm sohasi xodimlari va faxriylariga yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirildi.
Tadbirni ochar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi raisi Abdulaziz Akkulov turizmning mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini mustahkamlashdagi roli tobora ortib borayotganini taʼkidladi.
Uning soʻzlariga koʻra, sohada soʻnggi yillarda erishilgan jiddiy natijalar davlat rahbari tomonidan koʻrsatilayotgan eʼtibor va qoʻllab-quvvatlashning amaliy samarasidir. Soha oldiga keng koʻlamli vazifalar qoʻyilgan: turizmni iqtisodiy oʻsishning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish, zamonaviy texnologiyalar va raqamli yechimlarni joriy etishni tezlashtirish, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega yangi yoʻnalishlarni rivojlantirish va sohaning kadrlar salohiyatini oshirish.
2030 yilgacha boʻlgan davr uchun alohida ulkan maqsadlar belgilangan: xorijiy turistlar sonini 20 millionga yetkazish, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizgacha oshirish, turizm xizmatlari eksportini esa 8 milliard dollardan koʻproqqa yetkazish.
Ushbu koʻrsatkichlarga erishish uchun soha mutaxassislaridan yangicha yondashuvlar, tashabbuskorlik va yuqori masʼuliyat talab etiladi. Shu nuqtai nazardan, turizmni rivojlantirish yoʻlida har kuni mehnat qilayotgan insonlarning kasbiy mahorati va amaliy hissasini eʼtirof etish alohida ahamiyat kasb etadi.
Tadbir doirasida sohaning eng faol mutaxassislari, davlat organlari xodimlari, jamoat tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar «Turizm fidoyisi» koʻkrak nishoni bilan taqdirlandilar.
Tadbir davomida turizm sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha va tashabbuslar taqdimoti oʻtkazildi.
Xususan, Turizm qoʻmitasi, «Hunarmand» uyushmasi va Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan «Uzbek Gift Contest» respublika suvenir mahsulotlari tanlovining birinchi bosqichi yakunlari sarhisob qilindi. Tanlovga 600 dan ortiq ish kelib tushdi. Hakamlar hayʼati baholash natijalariga koʻra, yogʻoch, suyak va tosh oʻymakorligi, kashtachilik, zargarlik sanʼati, milliy qoʻgʻirchoqlar va toʻqimachilik mahsulotlari tayyorlash kabi yoʻnalishlarda 10 ta eng yaxshi ustani aniqladi.
Gastronomik turizmni rivojlantirishga qaratilgan «Gastro Marketplace» va «Tourist Friendly Restaurant» maxsus loyihalari alohida taqdim etildi. Ushbu tashabbuslar xizmat koʻrsatish standartlarini takomillashtirish, milliy taomlarni xalqaro auditoriya oʻrtasida ommalashtirish va Oʻzbekistonning gastronomik salohiyatini mustaqil turistik mahsulot sifatida namoyon etishga qaratilgan.
Bayram dasturi «Omadli mehmon» interaktiv viktorinasi bilan davom etdi. Gʻoliblarga Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun turistik yoʻllanmalar topshirildi. Tadbir taniqli mahalliy ijrochilar ishtirokidagi gala-kontsert bilan yakunlandi.
«Turizm fidoyisi» koʻkrak nishoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi «Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-5781-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 iyuldagi 433-sonli qarori bilan taʼsis etilgan.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish, xorijiy va ichki sayyohlar oqimini koʻpaytirish, xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va zamonaviy turizm infratuzilmasini shakllantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
2026 yilning yanvar-avgust oylarida mamlakatga 9,1 million xorijiy turist tashrif buyurdi — bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 21,1 foizga koʻpdir.
Ushbu davrda Xitoydan turistik oqim 2,3 baravarga, Malayziyadan — 2 baravarga, Yaponiyadan — 1,5 baravarga, AQShdan — 1,4 baravarga, Rossiyadan esa — 1,3 baravarga oshdi.

