Mahalliy

Prezident turizm sohasi xodimlarini tabrikladi

Davlat rahbari «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan turizm xodimi» faxriy unvonini ta’sis etishni taklif etdi.

Prezident turizm sohasi xodimlarini tabrikladi

Prezident O‘zbekiston turizm sohasi xodimlariga tabrik yo‘lladi

27-sentyabr – Butunjahon turizm kuni nishonlanmoqda. So‘nggi yillarda yurtimizda yuritilayotgan ochiqlik siyosati, viza tartibining yengillashtirilgani, transport va mehmonxona infratuzilmasi kengaytirilgani, tadbirkorlar uchun ko‘plab soliq hamda bojxona imtiyozlari joriy etilgani soha taraqqiyotiga yangi sur’at bag‘ishlamoqda.

Buni 2025-yilda O‘zbekistonga kelgan xorijiy sayyohlar soni 2016-yilga nisbatan qariyb 6 barobar oshib, 12 millionga yaqinlashgani, turizm xizmatlari eksporti 11 karra ko‘payib, 4 milliard 800 million AQSh dollarini tashkil etgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Yangi O‘zbekistonnning o‘ziga xos tashrif qog‘ozi bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Burhoniddin Marg‘inoniy majmualari, Zamonaviy san’at markazi kabi ko‘plab maskanlar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijiy sayyohlar orasida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

«Biz bu boradagi ishlarimizni izchil davom ettirib, go‘zal diyorimizni jahondagi zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi yanada rivojlangan eng mashhur turizm markazlaridan biriga aylantirishga qaror qilganmiz. Shu maqsadda Xivada o‘zida tarix va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan xalqaro turistik shaharcha, kongress markazi va tarixiy-etnografik bog‘ barpo etish, Ichanqal’ani raqamli texnologiyalar asosida “aqlli” muzey-majmuaga aylantirishni rejalashtirganmiz.

Samarqandda esa noyob eksponatlar jamlangan Ipak yo‘li muzeyi tashkil etiladi. Qoraqalpog‘istonda arxeologik yodgorliklar bo‘ylab yangi turistik yo‘nalishlar ochiladi. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida “G‘ilon”, Namangan viloyatining Pop tumanida “Arashan” kabi yangi majmualar tashkil etiladi.

Sohada zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, yagona milliy turizm platformasini ishga tushirish, sayyohlik xizmatlarini bitta tizimga integratsiya qilish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, kadrlar malakasini muntazam oshirib borish ham ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Gastronomik, ekologik, ziyorat, tibbiyot, tog‘ va sarguzasht, ishbilarmonlik, etno va qishloq turizmi kabi yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan yo‘nalishlarni jadal rivojlantirishga alohida ahamiyat beramiz.

Ana shunday dolzarb vazifalarni amalga oshirish orqali biz 2030-yilga borib, xorijiy sayyohlar sonini yiliga 20 million nafarga, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga yetkazish, xizmatlar eksportini 8 milliard dollardan oshirish, yuqori toifadagi mehmonxonalar sonini esa ikki karra ko‘paytirishni maqsad qilganmiz», deya ta’kidladi Prezident.

Davlat rahbari tabrikda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan turizm xodimi» faxriy unvonini ta’sis etishni taklif etdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.