O‘zbekiston – xavfsizlik va mehmondo‘stlik uyg‘unlashgan turistik manzil
Bugun xalqaro turizm bozorida mamlakatning tarixiy obidalari, betakror tabiati yoki milliy taomlari bilan bir qatorda

**O‘zbekiston: Xavfsizlik va Mehmondo‘stlikning Turistik Manzili**
Bugungi xalqaro turizm bozorida mamlakatning tarixiy obidalari, betakror tabiati va milliy taomlari bilan bir qatorda "xavfsizlik" mezoni ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Sayyohlar qayerga bormasin, o‘zlarini erkin, xotirjam va himoyalangan his qilishni istaydilar.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganiga 35 yil bo‘ldi. Afsuski, bu yillarning katta qismi – 25 yili turizm uchun yopiq muhitda o‘tdi. Vaziyat shu qadar yomonlashganki, 2016 yilgacha O‘zbekiston dunyoning eng yopiq mamlakatlaridan biri hisoblanardi. Ammo so‘nggi 10 yilda ahvol tubdan o‘zgardi; endilikda turizm O‘zbekistonda nafaqat rivojlanmoqda, balki iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biriga aylandi.
Bu o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan bo‘lmadi. Qator islohotlar va tashabbuslardan so‘ng O‘zbekiston nomi dunyoga qayta tanila boshladi. Mamlakatning so‘nggi yillardagi taraqqiyot tajribasi shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning turistik imiji faqat Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar bilan emas, balki xavfsiz, qulay va mehmondo‘st yo‘nalish sifatida ham shakllanmoqda.
Bu o‘zgarishlarning amaliy natijasi turistlar oqimida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 2025 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonga 11,7 million nafar xorijiy turist tashrif buyurdi, bu 2024 yilga nisbatan 116,1 foizlik o‘sishni anglatadi. Turistik xizmatlar eksporti esa 4,8 milliard dollarga yetdi.
E’tiborlisi, 2026 yilning birinchi choragida ham o‘sish dinamikasi saqlanib qoldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar-mart oylarida 164 ta davlatdan 2,87 million nafar xorijiy fuqaro O‘zbekistonga turistik maqsadlarda tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36,6 foiz ko‘pdir.
Turizmda xavfsizlik deganda faqat jinoyatchilikning past darajasi emas, balki sayyohning mamlakatga kirishidan tortib, mehmonxonaga joylashishi, shahar bo‘ylab harakatlanishi, tarixiy obyektlar va tabiiy hududlarga borishigacha bo‘lgan jarayonda o‘zini himoyalangan his qilishi tushuniladi.
O‘zbekistonda bu masala tizimli yondashuv asosida yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, 2025 yil fevral oyida mamlakat Turistlarni himoya qilish xalqaro kodeksiga qo‘shildi. Uning qoidalarini milliy turizm siyosati va xizmat ko‘rsatish amaliyotiga tatbiq etish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqildi. 70 dan ortiq turizm subyekti shartnomalarida turistlar huquqi va xavfsizligiga oid qoidalarni takomillashtirdi.
Bu, bir qarashda, huquqiy-texnik jarayon bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo xalqaro turizm nuqtai nazaridan uning ahamiyati katta. Chunki sayyoh uchun xavfsizlik nafaqat real holat, balki "ishonch" masalasidir. Turist o‘z huquqlari himoya qilinishini, muammoga duch kelganda yordam olish mexanizmi mavjudligini bilsa, mamlakat haqidagi ijobiy tasavvuri yanada mustahkamlanadi.
O‘zbekistonda turistlar xavfsizligini ta’minlashga ixtisoslashgan tizim ham faol ishlamoqda. Ichki ishlar organlarining turistik va transport obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha bo‘linmalari aeroportlar, vokzallar, temir yo‘llar va sayyohlar gavjum hududlarda profilaktik choralarni amalga oshirmoqda. 2025 yil yanvar-iyul oylarida aeroportlar orqali amalga oshirilgan 76 mingdan ortiq reysda 12 milliondan ziyod yo‘lovchining xavfsizligi ta’minlangan.
Mamlakatning turistik imiji faqat ichki statistika bilan emas, xorijiy davlatlarning rasmiy tavsiyalari va xalqaro medianing e’tibori bilan ham belgilanadi. Masalan, AQSh Davlat departamentining 2026 yil 26 yanvarda yangilangan sayohat tavsiyasida O‘zbekiston uchun "odatiy ehtiyot choralariga rioya qilish" darajasi belgilangan va mamlakat, umuman olganda, amerikalik sayyohlar uchun xavfsiz yo‘nalish sifatida baholangan. Shu bilan birga, O‘zbekistonda turistlar uchun 24 soat ishlaydigan «Safe Tourism» Call Centre – 1173 xizmati mavjud bo‘lib, unda o‘zbek, rus va ingliz tillarida yordam ko‘rsatish imkoniyati bor.
O‘zbekistonning yangi turistik imijini faqat xavfsizlik bilan izohlab bo‘lmaydi. Bu yerda asrlar davomida shakllangan mehmondo‘stlik madaniyati muhim omil bo‘lib qolmoqda. Samarqanddagi Registon, Buxorodagi Labi Hovuz, Xivadagi Ichan qal’a kabi tarixiy maskanlar sayyohga O‘zbekistonning buyuk o‘tmishi haqida hikoya qilsa, mahalliy aholining muomalasi, milliy taomlar, hunarmandchilik va oilaviy mehmon uylari mamlakatning bugungi qiyofasini namoyon etadi.
Eng muhimi, turizm endi faqat tarixiy shaharlarga sayohat qilishdan iborat emas. Ekologik, gastronomik, etno va qishloq turizmi kabi yo‘nalishlar ham tobora rivojlanmoqda. 2025 yilda respublikada 1023 ta yangi joylashtirish vositasi ishga tushirilib, mehmonxona, oilaviy mehmon uylari va xostellar soni sezilarli oshdi. Bu esa turistga katta shaharlardan tashqari hududlarga ham sayohat qilish, mahalliy aholi turmush tarzi bilan tanishish va O‘zbekistonni yanada kengroq kashf etish imkonini bermoqda.
Xavfsizlik va mehmondo‘stlikni zamonaviy infratuzilma to‘ldirmasa, turistik imij barqaror bo‘lmaydi. Shu sababli so‘nggi yillarda vizani rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish, elektron viza tizimi, vizasiz rejim geografiyasini kengaytirish, transport qatnovlarini ko‘paytirish va raqamli xizmatlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston 90 dan ortiq davlat fuqarolari uchun vizasiz sayohat imkoniyatini yaratgan. Turistlar uchun «Tourist Map» interaktiv portali va mobil ilovasining ishlab chiqilishi ham raqamli qulayliklarni oshirishga qaratilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Bularning barchasi bitta maqsadga – sayyohning mamlakatdagi har bir bosqichini imkoni boricha oson va tushunarli qilishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonning turistik imiji o‘zgarib borayotganini xalqaro media e’tibori ham tasdiqlaydi. 2025 yilda BBC Travel O‘zbekistonni sayohat uchun eng yaxshi 25 ta yo‘nalish qatoriga kiritdi. The New York Times Buxoroni tashrif buyurishga arziydigan eng yaxshi manzillar ro‘yxatiga kiritdi. National Geographic esa Xivani sayyohlik uchun tavsiya etilgan yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etdi.
Bu e’tiroflar tasodifiy emas. Chunki mamlakat turizm siyosati endi faqat turistlarni jalb qilish bilan cheklanib qolmayapti. Asosiy vazifalardan biri – ularni mamlakatda uzoqroq ushlab qolish, ko‘proq xizmatlardan foydalanishini ta’minlash va eng muhimi, O‘zbekistondan ijobiy taassurot bilan qaytarish.
2025 yil noyabr oyida qabul qilingan qarorlar asosida 2030 yilga qadar turizmning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 7 foizga yetkazish, xorijiy turistlar sonini 20 million nafarga chiqarish va turistik xizmatlar eksportini 6 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. Bu raqamlar ortida oddiy statistikadan ko‘ra kattaroq maqsad bor. O‘zbekiston o‘zini Markaziy Osiyoning tarixiy markazigina emas, balki zamonaviy, ochiq, xavfsiz va mehmondo‘st turistik makon sifatida namoyon etishga intilmoqda.
Bugun sayyohlik bozorida mamlakatlar o‘rtasida raqobat nafaqat tarixiy yodgorliklar, tabiiy manzaralar yoki narxlar bo‘yicha kechmoqda. Raqobatning eng muhim nuqtalaridan biri – "ishonch". Sayyoh O‘zbekistonga kelganda uni qadimiy sivilizatsiya izlari, Sharq me’morchiligi, milliy taomlar va mehmondo‘st xalq kutib oladi. Ammo u shu bilan birga zamonaviy aeroportlar, qulay mehmonxonalar, raqamli xizmatlar, turistlar huquqini himoya qilish tizimi va xavfsizlik infratuzilmasini ham ko‘rishi kerak. Ana shunda tarix va zamonaviylik, milliy qadriyat va zamonaviy servis, mehmondo‘stlik va xavfsizlik bir butun turistik mahsulotga aylanadi.
O‘zbekistonning yangi turistik imiji ham aynan shu uyg‘unlik asosida shakllanmoqda. Mamlakat endilikda dunyoga faqat "Buyuk Ipak yo‘li merosi" sifatida emas, balki "sayohat qilish qulay, xavfsizlikka e’tibor qaratilgan va mehmonni qadrlaydigan zamonaviy turistik yo‘nalish" sifatida ham tanilib bormoqda. Bu imijni yanada mustahkamlash esa nafaqat turizm sohasining, balki butun mamlakatning xalqaro nufuzi, iqtisodiy jozibadorligi va «O‘zbekiston brendi»ning kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega.

