“Trolleybus yurmay qolsa, odamlar buni darrov sezadi”. Xorazm trolleybus korxonasi rahbari bilan intervyu
O‘zbekistonda trolleybus tizimi qolgan yagona hudud — Xorazm. 30 yilda u hayotning ajralmas qismiga aylandi. 'Trolleybus yurmay qolsa, darrov seziladi', — deydi korxona rahbari. Yangi trolleybuslar kelishi bilan yo‘nalish uzaytiriladi, interval qisqaradi, yo‘lovchilar soni esa ikki barobar o‘sishi kutilyapti.

“Trolleybus to‘xtab qolsa, odamlar buni darhol sezadi”. Xorazm trolleybus korxonasi rahbari bilan suhbat
O‘zbekistonda trolleybus tizimi saqlanib qolgan yagona hudud – Xorazm viloyatiga Xitoydan 10 ta “Yutong” rusumli trolleybus olib kelindi. Ular 17-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi.
Yangi trolleybuslar ishga tushgach, yo‘nalish Urganch aeroporti va vokzalini qamrab olib, harakatlanish oralig‘i 25 daqiqadan 12 daqiqagacha qisqarishi, yo‘lovchilar soni esa kuniga ikki baravarga o‘sishi kutilmoqda.
“Gazeta” muxbiri Mirolim Isajonov Urganch-Xiva trolleybus yo‘nalishining tarixi va bugungi holati, mavjud muammolar hamda yangi trolleybuslar ishga tushishi bilan kutilayotgan o‘zgarishlar haqida “Xorazm trolleybus saroyi” davlat muassasasi rahbari Shuhrat Xayitboyev bilan suhbatlashdi.
— Urganch va Xiva o‘rtasidagi trolleybus liniyasi bugungi kunda dunyoda faoliyat ko‘rsatayotgan ikkita shaharlararo trolleybus tizimidan biridir. Uning uzunligi bir tomonga 35,6 kilometrni tashkil etadi. Jahondagi eng uzun liniya esa Simferopol va Yalta o‘rtasida bo‘lib, uzunligi 84 kilometrdan iborat.
Urganchda trolleybus tizimini joriy etish qarori 1997-yilda qabul qilingan. Bu tashabbus 1998-yilda nishonlangan Xiva shahrining 2500-yilligiga bag‘ishlangan. Shahar yubileyiga bir yil qolganida Urganch hokimligi tomonidan “Xorazm trolleybus boshqarmasi” davlat korxonasi tashkil etilib, aloqa tarmog‘ini o‘rnatish va zarur infratuzilmani qurish ishlari boshlangan. Shu davrda Chexiyadan to‘qqizta “Škoda 14Tr” rusumli trolleybus xarid qilingan. 2013-yilda yana Chexiyadan “Škoda 24Tr” rusumli yangi trolleybuslar olib kelindi. O‘z davri uchun zamonaviy va qulay bo‘lgan trolleybuslar 13 yildan beri yaxshi holatda xalqqa xizmat ko‘rsatyapti.
Bugungi kunda bizda to‘qqizta trolleybus harakatlanadi. Iyul oyida Xitoydan 10 ta yangi trolleybus sotib oldik. Ular yaqin kunlarda, ya’ni Mustaqillik bayrami arafasida faoliyat boshlaydi va shu tariqa jami trolleybuslar soni 19 taga yetadi.
Hozirgi vaqtda Urganch-Xiva yo‘nalishida trolleybuslar 4+4 grafik asosida harakatlanmoqda. Oraliq intervali 25 daqiqani tashkil etadi. 10 ta trolleybus ishga tushirilgach, jami 19 ta trolleybusning 16 tasi ikkita yo‘nalishga chiqariladi, uchtasi rezervda saqlanadi. Bu orqali harakat intervalini 25 daqiqadan 12 daqiqagacha qisqartirish rejalashtirilgan.
Bitta trolleybusning bir borib-kelish reysi uchun 70 daqiqa ajratilgan bo‘lib, u kuniga 9 ta reysni amalga oshiradi. Yangi trolleybuslarda yo‘nalish uzaytirilgani sababli bir borib-kelishga ketadigan vaqt taxminan 80−85 daqiqani tashkil etishi mumkin.
— Yangi trolleybuslar narxi 2,7 mln dollarni tashkil etadi. Ular bo‘yicha 7 yillik kredit shartnomasi tuzilgan va muddat davomida shu pulni to‘lash majburiyatimiz bor.
Har bir trolleybus 87 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Ularda nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va bolali yo‘lovchilar uchun qulayliklar, USB va Type-C portlari, ichki va tashqi kuzatuv kameralari, konditsionerlar o‘rnatilgan. Shuningdek, haydovchi holatini kuzatish, harakat yo‘lagidan chiqib ketishdan ogohlantirish va avtomatik yong‘in o‘chirish kabi xavfsizlik tizimlari mavjud.
Yangi trolleybuslarning asosiy afzalligi — kontaktsiz, ya’ni simsiz harakatlanishidir. Ular 100 kilometrgacha simsiz yura oladi. Yo‘nalishning simsiz qismi tugagach, yana kontakt liniyasiga ulanib, batareyasini quvvatlaydi. Masalan, liniyadan 7−8 kilometr chiqib ketsa ham, qayta liniyaga ulanib harakatni davom ettiradi. Bir kunda 9 ta reys qilish imkoniyati bor va har bir reysda sarflangan quvvat liniyaga ulangan paytda qayta to‘ldiriladi.
Hozirgi liniya Urganch aeroporti va vokzalini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lamaydi. Yangi trolleybuslar Urganch xalqaro aeroportidan harakatini boshlab, temiryo‘l vokzaligacha boradi va keyin Xiva yo‘nalishiga qo‘shiladi. Aeroport va vokzal oralig‘ida trolleybus simsiz harakatlanadi, so‘ng kontakt liniyasiga ulanib, yo‘qotgan quvvatini to‘ldirib oladi. Shuning uchun aeroportgacha alohida sim tortishga zarurat bo‘lmaydi.
Aslida aeroport yo‘nalishi 1996-yilda ham bo‘lgan, keyin liniya olib tashlangandi (trolleybuslar harakatni Urganch markaziy bozoridan boshlaydi — tahr.). Endi aeroport yo‘nalishini qayta tiklayapmiz. Asosiy maqsad — turistlar va mehmonlarga qulaylik yaratish. Masalan, turist samolyotdan tushganidan keyin trolleybusga chiqib, 3000 so‘mga Xivaning o‘zigacha borishi mumkin bo‘ladi.
Yangi yo‘nalish ishga tushsa, yana 11 ta bekat qo‘shilib, jami bekatlar soni 100 taga yetadi. Bundan tashqari, hozir kuniga o‘rtacha 2000−2500 yo‘lovchi tashilayotgan bo‘lsa, yangi trolleybuslar ishga tushgach, reja bo‘yicha bu ko‘rsatkich ikki barobar oshishi, ya’ni 4000−5000 ga yetishi ko‘zda tutilmoqda.
— Qariyb 36 kilometrli masofa uchun 3000 so‘mlik yo‘lkira xalqimiz uchun qulay. 1-iyuldan viloyatimizda ayrim avtobus va trolleybus yo‘nalishlarida yo‘lkira haqini to‘lash elektron shaklga o‘tkazildi, naqd pul qabul qilinmaydi.
Hozir asosiy liniya viloyat bosh shifoxonasi va onkologiya markazi oldidan o‘tib, Xiva hamda Qo‘shko‘pir tumanlari orqali harakatlanadi. Shu hududlarda ishlaydigan, jumladan, tibbiyot sohasi xodimlari va bemorlarning yaqinlari uchun ham trolleybus qulay transport vositasi hisoblanadi.
— Bir trolleybus kuniga o‘rtacha 450 kilovatt elektr energiyasi sarflaydi. Yangi trolleybuslar esa tejamkorroq bo‘lib, kun davomida 300−350 kilovatt atrofida elektr ishlatadi.
Elektr energiyasi bo‘yicha qarzimiz hozir ham bor, lekin bu masalani elektr tarmoqlari bilan kelishib olganmiz. Qarzni oyma-oy bo‘lib to‘lash bo‘yicha kelishuv mavjud.
Shu yil 12-mart sanasidan brutto-kontrakt tizimida ishlayapmiz. Unga ko‘ra, tashkilotga bosib o‘tilgan har bir kilometr uchun haq beriladi. Hozir 1 kilometr uchun 11 392 so‘m to‘lanyapti. Bir trolleybus kuniga taxminan 300 kilometr yo‘l bosadi va 3,4 mln so‘m atrofida daromad keltiradi. Sakkizta trolleybus esa kuniga 27 million so‘mdan ziyod mablag‘ ishlab topadi. Shu daromad hisobidan tashkilotning mavjud qarzlaridan chiqishni rejalashtirganmiz.
— Trolleybus haydash uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tish kerak. Haydovchida “T” kategoriyali guvohnoma va kamida 5 yillik haydovchilik staji bo‘lishi talab qilinadi. Biz asosan jamoat transportida tajribasi bor, “D” kategoriyali yoki mikroavtobus haydagan haydovchilarni tanlab, ularni “T” kategoriyasiga o‘qitamiz.
Hozir o‘qish uch oy davom etadi. Keyin haydovchi olti oydan bir yilgacha tajribali ustoz yonida amaliyot o‘taydi. Barcha sinovlardan o‘tganidan so‘ng unga mustaqil trolleybus beriladi. Yangi trolleybuslar uchun ham haydovchilar tayyorlanib, o‘qitildi.
Haydovchi 22 yoshdan yuqori bo‘lishi kerak. Haydovchilar orasida hozircha ayollar yo‘q, lekin talablarga javob bergan ayollar ham trolleybus haydovchisi bo‘lib ishlashi mumkin.
Trolleybus parkida to‘rt-besh nafar usta ishlaydi. Texnik xizmat ko‘rsatishda buzilish turiga qarab ta’mirlash vaqti har xil bo‘ladi: ayrim nosozliklar bir soat ichida bartaraf etilsa, ba’zilariga bir-ikki kun ketishi mumkin.
Ehtiyot qismlari masalasida biroz muammo bor, chunki trolleybuslar Chexiyadan kelgan. Ularning yoshini e’tiborga olsak, bugungi kunda ba’zi detallarni topish qiyin. Shunga qaramay, chilangar ustalarimiz ko‘p qismlarni o‘zlari tayyorlab, ta’mirlashyapti. Shuning hisobiga 13 yildan beri ishlayotgan trolleybuslar hozir ham yaxshi holatda saqlanib turibdi.
Xiva shahrida 2000 kvadrat metrli yangi trolleybus saqlash joyi tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun 833 mln so‘m mablag‘ zarur. Park Sangar mahallasi Elobod ko‘chasi hududida joylashadi. U yerda 10 ta trolleybusni saqlash mumkin. Yangi trolleybuslar kontaktsiz harakatlana olgani uchun bu joyga alohida sim tortish shart emas.
Yangi saqlash joyi mavjud liniyadan taxminan 500 metr uzoqlikda bo‘ladi. 2027-yil 1-yanvarga qadar bitkazish ko‘zda tutilgan. Yengil konstruksiyada quriladi va asosan yangi trolleybuslar uchun xizmat qiladi.
— Trolleybus — ekologiya uchun juda toza transport. Shu bilan birga, u Xorazm xalqining, ayniqsa, Xiva-Urganch aholisining 30 yil davomida ajralmas bo‘lagiga aylanib qolgan.
Trolleybus yurmay qolsa, odamlar buni darrov sezadi. Liniyani ta’mirlash uchun ba’zan bir hafta, 10 kun faoliyat yuritmaymiz. Shunday paytlarda juda ko‘p murojaatlar keladi, “Qachon ishga tushirasizlar, nima bo‘lyapti?” — deb so‘rashadi.
Odatda bunday ta’mir ishlarini yozda, talabalar va o‘quvchilar kamaygan paytda amalga oshiramiz. Podstansiyalar, ventilyatorlar va eskirgan simlarni ta’mirlab, almashtiramiz.
Asosiy masalalardan biri — interval va konditsioner. Yangi trolleybuslar ishga tushgach, interval qisqaradi va konditsionerli transport soni ko‘payadi.
Yana bir masala — ertalab Xiva va Qo‘shko‘pir tomondan Urganchga keladigan avtomobillar ko‘pligi sababli yuzaga keladigan tirbandlik. Pulli yo‘l ochilgandan keyin Xiva-Urganch yo‘lidagi tirbandlik ancha kamayadi deb umid qilyapmiz.
Eng katta vazifalarimizdan biri — Xivadagi yangi trolleybus saqlash joyini qurib, ishga tushirish. Keyin yangi trolleybuslarni liniyaga qo‘yib, xalqqa qulaylik yaratish. Buning uchun bu yerdagi ma’muriy binolarni ham yangilash rejalashtirilgan. Parkni ta’mirlash, yuvish shoxobchasini yangidan tashkil qilish ishlari ham rejada bor.

