O‘zbekistonda birinchi Urganch—Xiva pulli avtomobil yo‘li ishga tushirilmoqda

O‘zbekistonda birinchi pullik avtomobil yo‘li – Urganch—Xiva yo‘nalishida foydalanishga topshirilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti chog‘ida ma’lum qilindi.
35 kilometr uzunlikdagi ushbu yangi “Urganch – Xiva” avtomobil yo‘li ishga tushirilishi bilan birga, haftalik aviareyslar soni 16 tadan 102 taga, temir yo‘l qatnovlari esa 8 tadan 41 taga oshirilgani qayd etildi.
Davlat rahbari so‘nggi yillarda Xorazmda tadbirkorlik uchun mutlaqo yangi sharoitlar yaratilganini ta’kidladi. Qisqa muddatda hududga 4 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, 10 mingta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilgan.
“Hazorasp” maxsus iqtisodiy zonasi va 31 ta sanoat zonasi tashkil etilgan. Tuproqqal’a va Yangiariqda umumiy quvvati 275 megavatt bo‘lgan elektr stansiyalari qurilib, korxonalarning barqaror energiya ta’minotiga xizmat qilmoqda.
Bildirilishicha, bugungi kunda Xorazm iqtisodiyotining 72 foizini kichik biznes tashkil etmoqda. Eksportda kichik biznesning ulushi 81 foizga yetib, viloyat respublikada birinchi o‘ringa chiqdi.
25 gektar maydonda “Arda Xiva” turistik majmuasi barpo etilgan, tadbirkorlar tomonidan 7 ming o‘rinli 331 ta mehmonxona va mehmon uylari tashkil qilingan. Joriy yilda Xorazmga 3 million xorijiy sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda.
Xivada mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar obyektlarni o‘z ichiga olgan “Sahro yulduzi” turistik kompleksi ham bunyod etiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, bugun Xorazm tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar markaziga aylanib bormoqda.

