Transkaspiy transport yoʻlagi Yevropa va Osiyoni bogʻlaydi
Toshkentda Transkaspiy transport yoʻlagi (TTY) boʻyicha ikkinchi Milliy konferentsiya boʻlib oʻtdi. Unda infratuzilma ustuvorliklari, loyihalarni tayyorlash va Yoʻlak samaradorligini oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni muhokama qilish uchun Oʻzbekiston hukumati, Yevropa komissiyasi, milliy va xalqaro hamkorlar vakillari birlashdi. Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan hamda Markaziy Osiyoning beshta davlati, YEI, xalqaro moliya institutlari va xalqaro hamkorlarni birlashtiruvchi TTY Muvofiqlashtiruvchi platformasining bir qismi hisoblanadi […]

Transkaspiy transport yoʻlagi Yevropa va Osiyoni birlashtiradi
Toshkentda Transkaspiy transport yoʻlagi (TTY) boʻyicha ikkinchi Milliy konferentsiya boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston hukumati, Yevropa komissiyasi, shuningdek, milliy va xalqaro hamkorlar vakillari ishtirok etdi. Qatnashchilar infratuzilma sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarni, loyihalarni tayyorlash va Yoʻlak samaradorligini oshirish boʻyicha amaliy qadamlarni muhokama qildilar.
Ushbu tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan, Markaziy Osiyoning beshta davlati, YEI, xalqaro moliya institutlari va xalqaro hamkorlarni birlashtirgan TTY Muvofiqlashtiruvchi platformasi doirasida oʻtkazilmoqda. Platforma Yoʻlakni Yevropa va Osiyo oʻrtasidagi barqaror, xavfsiz va tezkor transport aloqasiga aylantirishga qaratilgan investitsiyalar va islohotlarni muvofiqlashtirish uchun tashkil etilgan.
– Oʻzbekiston uchun xalqaro tranzit yoʻlaklari juda muhim. Mamlakatimiz dunyodagi qoʻshnilari ham ochiq dengizga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqa olmaydigan ikki davlatdan biridir. Bugungi kunda iqtisodiyotimiz shiddat bilan rivojlanmoqda va biz uchun xalqaro tranzit yoʻlaklariga ega boʻlish hamda ularga integratsiyalashish oʻta muhimdir. Hozirgi vaqtda transport xarajatlari mahsulot tannarxida juda katta ulushni tashkil etmoqda, shu bois eng koʻp ilgari surilayotgan tashabbuslardan biri transport-logistika masalalarini hal etish hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda, shuningdek, oʻzimiz ham bir qator yirik loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Ularning barchasi mamlakatimiz manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va YEIning ushbu yoʻnalishdagi hamkorligi rejalar ishlab chiqishdan ularni amaliy roʻyobga chiqarishga oʻtdi. Bunga aniq loyihalar portfelining shakllantirilishi, mamlakatlar oʻrtasidagi muvofiqlashtirishning kuchaytirilishi va moliyalashtirishning jalb etilishi yordam bermoqda.
Milliy konferentsiyaning oʻtkazilishi amaliy ahamiyatga ega. Joriy forumning asosiy vazifalaridan biri Oʻzbekiston transport tizimining boʻgʻin nuqtalarini aniqlash va ularni takomillashtirish yoʻllarini muhokama qilish boʻldi. YEI va xalqaro moliya institutlari investitsiyalarni safarbar etish, loyihalarni moliyalashtirish va texnik koʻmak koʻrsatishda qanday yordam berishi mumkinligi alohida koʻrib chiqildi. Ustuvor yoʻnalishlar qatorida — temir yoʻl va avtomobil infratuzilmasini modernizatsiya qilish, logistika markazlarini rivojlantirish hamda Oʻzbekistonda va umuman mintaqada yagona raqamli transport tizimini yaratish bor.
– Avvalambor, yoʻlakni yagona tizim sifatida koʻrib chiqish lozim. Gap nafaqat Oʻzbekiston, Qozogʻiston yoki Markaziy Osiyoning alohida davlatlari, balki Janubiy Kavkaz mamlakatlari haqida ham bormoqda. Yoʻlakning butun uzunligi boʻylab barcha protseduralarning maksimal darajada samarali ishlashini taʼminlash muhim. Xususan, imkon qadar hujjatlarni elektron formatga oʻtkazish va bojxona tartib-taomillarini maksimal darajada uygʻunlashtirish zarur. Bu juda aniq natijalarni beradi: yuklar tezroq, ortiqcha kechikishlarsiz harakatlanadi, tranzit vaqtini qisqartirish boʻyicha har bir qadam esa Yoʻlakning investorlar va uning bevosita foydalanuvchilari uchun jozibadorligini oshiradi. Yana bir muhim vazifa – TTY ishining prognoz qilinuvchanligini taʼminlashdir. Transport va logistika kompaniyalari tashish qancha vaqt olishini va yuklar harakati aynan qanday tashkil etilishini tushunishlari kerak. Ish muddatlari va moliyaviy shartlari qanchalik prognoz qilinadigan boʻlsa, Yoʻlak shunchalik jozibador boʻladi. Nihoyat, amalga oshirilishi lozim boʻlgan sezilarli hajmdagi infratuzilma loyihalari qolmoqda. Biz ushbu loyihalarni, jumladan, bevosita Oʻzbekistonda ilgari surish uchun Oʻzbekistondagi hamkorlarimiz, hukumat va moliya institutlari bilan bundan keyin ham yaqindan hamkorlik qilishga umid qilamiz, – dedi YEIning Osiyo, Markaziy Osiyo va Tinch okeani mintaqasi boʻyicha direktori Peteris Ustubs.
Konferentsiyada davlat organlari, xalqaro moliya institutlari, rivojlanish boʻyicha hamkorlar, shuningdek, transport va logistika sohasidagi xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.
Tadbirga Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Yevropa komissiyasining Xalqaro hamkorlik boʻyicha bosh direktori hamraislik qildi.

