Trampning Ukrainani qoʻllab-quvvatlashni cheklash haqidagi fikri «mutlaqo notoʻgʻri», dedi Italiya vaziri BBCga
Mudofaa vaziri Gvido Krozetto BBC’ga bergan intervyusida AQSh Rossiyaning keng koʻlamli bosqinini tugatishga yordam berish oʻrniga, uni choʻzib yuborish xavfini tugʻdirayotganini aytdi.

Italiya vaziri Bi-bi-siga Trampning Ukrainaga yordamni cheklashi «mutlaqo notoʻgʻri» ekanini aytdi
Mudofaa vaziri Gvido Krozetto Rossiya prezidenti Vladimir Putinga hech qanday ojizlikni koʻrsatmaslik kerakligidan ogohlantirdi
Italiya mudofaa vazirining taʼkidlashicha, AQSh tomonidan Ukrainaning Rossiya hujumlaridan himoyalanish uchun foydalanayotgan sunʼiy yoʻldosh tizimlari va razvedka maʼlumotlaridan foydalanishini cheklashi «toʻliq xato, katta xato» boʻladi.
Bi-bi-siga bergan intervyusida Gvido Krozetto AQSh prezidenti Donald Tramp maʼmuriyatining bunday har qanday qadami «mutlaqo mantiqsiz» ekanini va Rossiyaning keng koʻlamli bosqinini tugatishga yordam berish oʻrniga, uni yanada choʻzish xavfini tugʻdirishini aytdi.
AQSh rasmiylari Tramp AQSh tomonidan Ukrainaga yetkazib berilayotgan va uning urush harakatlari uchun juda muhim boʻlgan internet tezligini sekinlashtirishni soʻramaganini bildirgan. Tramp, shuningdek, AQSh Ukraina bilan Rossiyaning boʻlajak havo hujumlari haqidagi erta ogohlantirish maʼlumotlarini boʻlishishni toʻxtatganini inkor etdi.
Krozettoning bu bayonotlari Italiya tomonidan AQSh shaʼniga bildirilayotgan tobora keskin tanqidlarni yanada kuchaytiradi.
Shu hafta boshida Bosh vazir Jorjiya Meloni Trampning Rossiyadan dizel yoqilgʻisi sotib olish boʻyicha kelishuvini «juda xavfli tanlov» deb taʼriflab, bu Rossiya Ukraina shaharlarini bombardimon qilayotgan bir paytda «unga qonuniylik berishini» aytgan edi.
Tramp ushbu bitimni Vladimir Putin bilan tuzgan va yoqilgʻi narxining oshishida Kiyevning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga qilgan hujumlarini ayblagan edi.
Bir paytlar AQSh prezidentiga juda yaqin deb koʻrilganidan «Trampning sirdoshi» deb atalgan Meloni bu qadam Putinni muzokaralar stoliga oʻtkazish harakatlariga zid ekanini aytdi.
«Tinchlik Putin vaziyat boshi berk koʻchaga kirib qolganiga, boshqa oldinga siljiy olmasligiga ishonch hosil qilganida keladi», dedi uning mudofaa vaziri Rimdagi vazirlik binosida Bi-bi-siga bergan intervyusida.
Krozetto Melonining oʻngchi «Italiya birodarlari» partiyasi hamasoschisi boʻlib, ushbu partiya 2022 yilda, Rossiyaning keng koʻlamli urushi boshlanganidan koʻp oʻtmay tuzilgan oʻng koalitsion hukumatga boshchilik qilib kelmoqda.
«Agar [Putin] Ukraina tomonida ojizlikni koʻrsa – va agar AQSh Ukrainani resurslardan mahrum qilsa, bu ojizlikni keltirib chiqaradi – u holda u gʻalaba qozonishi mumkinligiga ishonadi. Shunday qilib, u urushni davom ettiradi», deb ogohlantirdi Krozetto.
«Menimcha, bu mutlaqo notoʻgʻri».
Italiya bosh vaziri Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning yaqin ittifoqchisiga aylandi
Jamoatchilikdagi keng tarqalgan skeptitsizmga qaramay, Meloni hukumati boshidanoq Ukrainani qatʼiy qoʻllab-quvvatlab, ham harbiy, ham insonparvarlik yordamini yubordi.
Ushbu yetkazib berishlarning tafsilotlari hamisha sir tutilgan.
Intervyumizda mudofaa vaziri Italiyaning harbiy yordami «ushbu hukumat hokimiyatda boʻlgan muddat davomida» davom etishiga vaʼda berdi, garchi u saylovlar yaqinlashgani sababli keyingi yetkazib berishlar uchun parlament roziligini olish «qiyinroq» boʻlishini aytgan boʻlsa-da.
Saylovlar 2027 yil oxirigacha oʻtkazilishi kerak va joriy soʻrovnomalar yangi oʻngchi «Natsional futuro» partiyasini Melonining barcha koalitsiya boʻyicha hamkorlaridan oldinga qoʻymoqda.
Uning yetakchisi, sobiq general Roberto Vannachchi ochiqchasiga Rossiyaga xarixohlik bildiradi va Ukrainaga yordam berishga qarshi chiqib, Yevropa pulni bekorga sarflamoqda, Rossiya harbiylari esa joylarda «oldinga siljishda davom etmoqda», deb taʼkidlaydi.
Yaqinda Toskanada boʻlib oʻtgan tadbirda u oʻzini «Putinparast ham, Rossiyaparast ham emas», balki «Italiyaparast» deb taʼrifladi.
Krozetto Vannachchi haqidagi savollarni, jumladan, uning qarashlari koʻplab italiyaliklarning fikrini aks ettiradimi-yoʻqmi degan savolni «muhimroq masalalar bilan shugʻullanishi kerakligini» aytib, rad etdi.
Biroq, ehtimol farqni koʻrsatish uchun, u Rossiya haqida keskin fikr bildirdi.
«Bir davlat tanklar bilan boshqa davlat chegarasini kesib oʻtsa, kasalxona va maktablarni bombardimon qilsa, tinch aholini oʻldirsa va elektr stantsiyalarini portlatsa hamda buni toʻrt yildan beri amalga oshirib kelayotgan boʻlsa, men buni faqat yovuzlik deb taʼriflay olaman», dedi u.
Shunga qaramay, italiyaliklar, koʻplab yevropaliklar kabi, qimmat energiya manbalari tufayli oshayotgan narx-navoga duch kelmoqda.
Juma kuni Rimda boʻlib oʻtgan va paqirdoshlar otilgan koʻcha namoyishlari chogʻida oʻrta maktab oʻquvchilari mablagʻlar taʼlim oʻrniga qurol-yarogʻga yoʻnaltirilayotganidan shikoyat qilishdi.
Baʼzilar: «Bizga koʻproq sinfxonalar kerak, koʻproq bombalar emas», deb hayqirishdi.
Italiya janubida yuk mashinalari haydovchilari yoqilgʻi narxi oshishiga norozilik bildirib, yoʻllarni toʻsishni boshladilar.
Italiyadagi soʻrovnomalar muntazam ravishda koʻpchilik Ukrainaga harbiy yordamni toʻxtatishni xohlashini koʻrsatadi. Sentyabr oyida Ixè instituti tomonidan oʻtkazilgan bir soʻrovnoma shuni koʻrsatdiki, qurol yetkazib berishni davom ettirishni qoʻllab-quvvatlovchilar ulushi bor-yogʻi 18 foizni tashkil etadi.
Buning sabablari koʻp: uzoq yillik patsifistik anʼanalardan tortib, Moskva bilan yaqin ishbilarmonlik aloqalari tarixigacha. Polsha yoki Boltiqboʻyi davlatlaridan farqli oʻlaroq, Italiya geografik jihatdan ham xavfdan uzoqda ekanini his qiladi.
Mudofaa vaziri, shuningdek, Rossiyaning faol dezinformatsiya kampaniyasini ham aybladi — uning aytishicha, bu kampaniya «maʼlum siyosiy arboblarni... va Rossiyaga qarshi siyosiy muhitni kuchsizlantirishga qaratilgan qarashlarni» nishonga olmoqda.
«Ular qaysidir maʼnoda jamoatchilik fikrini oʻzgartirmoqda», deb taʼkidladi vazir.
«Avtomobilga yoqilgʻi quyish shaxobchasida qiynalayotgan fuqaroga hozircha Rossiyaga hech qanday yon bera olmasligimizni tushuntirish juda qiyin. Lekin eʼtiroz bildirayotgan oʻsha fuqaroning kelajagini himoya qilishning yagona yoʻli shu».
Ukrainaning boshqa yevropalik ittifoqchilaridan farqli oʻlaroq, Italiya yirik diversiya hujumlariga uchramagan.
Vazirning aytishicha, avgust oyida Rim tashqarisidagi qurol omborida sodir boʻlgan yongʻin qasddan oʻt qoʻyish emas, balki «inson ahmoqligi» oqibatidir.
Oʻtgan oyda Rossiya Oʻrtayer dengizidagi konteyner kemalaridan Italiya, Frantsiya va Ispaniyaga dron hujumlarini rejalashtirayotgani haqidagi hisobot ham oʻz isbotini topmadi, dedi Krozetto.
Biroq, u Rossiya bilan bogʻlagan kiberhujumlar endi odatiy holga aylangan — «har kuni yuzlab shunday hujumlar sodir boʻladi» — va u Yevropaning bunga bergan javobi juda ojiz boʻldi deb hisoblaydi.
«Agar qarshi hujum qilmasangiz... urushda gʻalaba qozona olmaysiz», dedi vazir.

