Trampning oʻgʻli toʻy bazmi pulini rossiyalik biznesmenga qaytardi - Kremlev
Kichik Donald Tramp toʻyi munosabati bilan tashkil etilgan bazm xarajatlarini rossiyalik tadbirkor Umar Kremlevga qaytargan. Bu haqda Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) rahbari Kremlev 6-oktabr kuni Istanbuldagi matbuot anjumanida maʼlum qildi.

Trampning oʻgʻli toʻy bazmi uchun sarflangan pulni rossiyalik biznesmenga qaytargan — Kremlev
Kremlevning aytishicha, u AQSH prezidentining oʻgʻli bilan bir tadbirda ishtirok etgan, biroq toʻy marosimining oʻzida boʻlmagan. Tadbirkor xarajatlar qoplanganini tasdiqlagan, ammo pul qaytarilishini kutmaganini aytgan.
«Xarajatlarni qaytardimi yoki yoʻqmi, degan savolga kelsak - ha, qaytardi», - deya Kremlevning soʻzlarini TASS keltirgan.
IBA rahbari buni alohida sovgʻa deb bilmaganini, gap umumiy tadbir haqida ketayotganini aytgan. U vaziyatni mehmonlarni dala hovliga taklif qilib, keyin ularga hisob chiqarishga oʻxshatgan.
Kremlev Tramp-mladshiy bilan doʻstona munosabatda ekanini ham taʼkidlagan. Uning soʻzlariga koʻra, u AQSH prezidentining oʻgʻlidan oʻziga yordam berishni soʻramagan.
Donald Tramp ham 18-sentabr kuni jurnalistlar bilan suhbatda oʻgʻli Kremlevga pulni qaytarganini aytgan edi. AQSH prezidenti doʻstlardan biri toʻy munosabati bilan oʻtkazilgan bayram xarajatlarini toʻlashi odatiy hol ekanini qayd etgan.
Masala 14-sentabrda ProPublica nashri eʼlon qilgan jurnalistik surishtiruvdan soʻng jamoatchilik eʼtiboriga tushgan. Unda kichik Trampning Bagama orollaridagi toʻy tantanalari xarajatlarining bir qismini Kremlev toʻlagani aytilgan.
Shundan keyin Tramp Axios nashriga Umar Kremlevni tanimasligini bildirgan. Uning izohiga koʻra, rossiyalik biznesmen toʻyning oʻzini emas, kelin-kuyov sharafiga keyinroq uyushtirilgan bazmni moliyalashtirgan. Prezident toʻy boshqa joyda va boshqa kuni boʻlib oʻtganini, oʻzi esa mazkur bazmda qatnashmaganini taʼkidlagan.
Voqea AQSH Kongressidagi demokratlar eʼtiborini ham tortgan. Vakillar palatasi Nazorat qoʻmitasi aʼzosi Robert Garsiya Oq uy apparati rahbari Syuzi Uaylzga xat yuborgan.
Axios maʼlumotiga koʻra, Garsiya qoʻmitadagi demokratlar Tramp oilasi prezidentga yaqinlikdan moliyaviy foyda olish uchun foydalangani haqidagi daʼvolarni oʻrganayotganini bildirgan. Bazm xarajatlarini rossiyalik tadbirkor qoplagani haqidagi xabarlar ham shu doirada tekshirilishi mumkin.

