Kichik Donald Tramp va Bettina Trampning aytishicha, Putinning ittifoqchisi toʻy tantanalarining bir qismini «sovgʻa» sifatida toʻlagan
Juftlikning Instagram’dagi postida Bagama orollaridagi ikki kunlik toʻy tantanalari qisman Umar Kremlev tomonidan moliyalashtirilgani aytilgan.

Kichik Donald Tramp va Bettina Tramp Putinning ittifoqchisi toʻy tantanalarining bir qismini «sovgʻa» sifatida moliyalashtirganini aytishdi
Kichik Donald Trampning rafiqasi Bettina Tramp ularning may oyida boʻlib oʻtgan toʻyining bir qismi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ittifoqchisi tomonidan moliyalashtirilganini tasdiqladi.
Uning Instagram akkauntida er-xotin nomidan joylashtirilgan postda aytilishicha, Bagama orollaridagi xususiy orolda uch kun davom etgan toʻy tantanalarining ikki kechasi xarajatlari qisman Putin bilan yaqin aloqada boʻlgan rossiyalik oligarx Umar Kremlev tomonidan toʻlangan.
Ushbu bayonot dushanba kuni, ProPublica surishtiruv nashri Kremlev tadbir uchun «yuz minglab dollarlik» xarajatlarni qoplagani haqida hisobot eʼlon qilganidan keyin paydo boʻldi.
AQSh prezidentining oʻgʻillaridan biri boʻlgan Kichik Donald Tramp xususiy shaxs hisoblanadi, shu bolis uning chet el fuqarosidan sovgʻalar olishi qonunga xilof emas.
«Qadrli doʻstimiz Umar toʻyimizdan KEYIN biz uchun ikki kunlik ajoyib tantanalarni juda saxovatpeshalik bilan tashkil qilib berdi. Bu doʻstimizdan juda saxovatli toʻy sovgʻasi boʻldi va buning uchun biz undan juda minnatdor edik va shunday boʻlib qolamiz», — deyiladi er-xotinning bayonotida.
Shunday boʻlsa-da, odob-axloq qoidalarini nazorat qiluvchi tashkilotlarning taʼkidlashicha, prezidentning oʻgʻli AQSh hukumati xodimi boʻlmasa ham, xorijiy davlat rahbariga aloqador shaxsdan qimmatbaho sovgʻalar qabul qilishi manfaatlar toʻqnashuvi koʻrinishini yuzaga keltiradi.
«Odamlar shunchaki tasodifiy tanishiga hech narsa umid qilmasdan yuz minglab dollar bermaydilar», — dedi Vashingtondagi Masʼuliyat va odob-axloq uchun fuqarolar (CREW) tashkilotining aloqalar boʻyicha vitse-prezidenti Jordan Libovits.
«[Putin] oʻz davrasidagi odamlar prezident davrasidagi odamlar bilan yaqinlashayotgani haqidagi ushbu matbuot xabarlaridan qanday mamnun boʻlishini tasavvur qilishingiz mumkin».
ProPublica hisobotiga koʻra, er-xotin Bagama orollaridagi xususiy orolda turmush qurishgan, soʻngra ijara haqi kuniga taxminan 100 000 dollar turadigan boshqa bir orolda ikki kunlik tantana oʻtkazishgan. Hisobotda, shuningdek, Kremlev bayramning boshqa xarajatlarini, jumladan, taxminan 70 000 dollarlik mushakbozlikni ham toʻlagani aniqlangan.
Kremlev davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan «Gazprom» energetika kompaniyasi tomonidan moliyalashtiriladigan Xalqaro boks assotsiatsiyasiga (IBA) rahbarlik qiladi. Olimpiya qoʻmitasi ushbu tashkilot faoliyatini qisman Rossiya energetika giganti bilan aloqalarini oshkor qilmagani sababli toʻxtatib qoʻygan edi.
Shu yil boshida Kremlev Putin bilan birga Xitoyga borgan delegatsiya tarkibida boʻlgan. ProPublica, shuningdek, Rossiya prezidenti Kremlevni oliy davlat mukofoti — «Doʻstlik» ordeni bilan taqdirlaganini xabar qildi.
Kichik Trampning matbuot kotibi nashrga prezidentning oʻgʻli va Kremlev shaxsiy doʻstlar ekanini va ular oʻrtasida «biznes aloqalari» yoʻqligini aytdi.
Kichik Trampning ittifoqchisi BBC'ни Instagram'dagi bayonotga yoʻnaltirdi.
ProPublica'ga berilgan bayonotda Kremlevning idorasi: «Janob Kremlev va janob Kichik Tramp oʻrtasida doʻstona munosabatlar mavjud», — deb maʼlum qildi. Bayonotda aytilishicha, ikki erkak bir necha yil avval uchrashishgan.
Nashrning xabar berishicha, Kremlev toʻyning bir qismida ishtirok etgan. Mehmonlar orasida AQSh prezidentining qizlaridan biri Ivanka Tramp va uning turmush oʻrtogʻi, AQSh nomidan Eron, Rossiya va Yaqin Sharq bilan diplomatik muzokaralarda ishlagan Jared Kushner ham boʻlgan.
Trampning saylovoldi kampaniyasi va oilasi 2016 yilgi prezidentlik saylovlari paytida Rossiya bilan ehtimoliy aloqalar tufayli sinchkovlik bilan tekshirilgan edi, bu esa maxsus prokuror tergoviga olib kelgan. Saylovoldi kampaniyasi paytida Kichik Donald Tramp Trump Tower'da rossiyalik agent bilan uchrashuv tashkil qilgan va bu uchrashuv tergov davomida batafsil oʻrganilgan edi.
CREW vakili Libovitsning aytishicha, milliarder boʻlgan prezident yoki Forbes maʼlumotlariga koʻra 300 million dollarga ega boʻlgan Kichik Tramp har qanday manfaatlar toʻqnashuvidan qochish uchun toʻyning barcha xarajatlarini oʻzlari toʻlashlari mumkin edi.
«Uning otasi milliardlarga ega, u xarajatlarni oʻz boʻyniga olishi mumkin edi. Koʻrinib turibdiki, ular shunchaki buning uchun pul toʻlashni xohlashmagan», — dedi Libovits. «Ular odob-axloq oqibatlari haqida qaygʻurishmaydi».

