Tramp sulhni eʼlon qilganidan keyin Xarkiv energetikasiga zarba berildi - Zelenskiy
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya qoʻshinlari Xarkivdagi IEM-5 issiqlik elektr markaziga Donald Tramp «energetik sulh» haqida bayonot berganidan keyin zarba berganini bildirdi. Mahalliy hokimiyat shu kuni kechqurun Xarkiv atrofidagi raketa hujumida uch kishi halok boʻlgani va 22 kishi jarohatlanganini maʼlum qildi.

Tramp sulhni eʼlon qilganidan soʻng Xarkiv energetikasiga zarba berildi — Zelenskiy
DW xabariga koʻra, Zelenskiy 11-oktabr kuni kechqurun Telegram’da Xarkivdagi energetika infratuzilmasi nishonga olinganini bildirgan.
«Hozirgina Xarkiv shahridagi IEM-5ga, Xarkiv energetikasiga zarba berildi», — degan Ukraina prezidenti.
Taxminan bir soat oʻtgach, u Xarkiv viloyatidagi energetika obyektlariga hujum AQSH prezidenti energetikaga zarbalarni toʻxtatish haqida eʼlon qilganidan keyin sodir boʻlganini alohida qayd etgan.
Xarkiv viloyati harbiy maʼmuriyati rahbari Oleg Sinegubov esa 11-oktabr kechqurun shahar atrofiga berilgan raketa zarbasida uch kishi halok boʻlgani va yana 22 kishi jarohat olganini maʼlum qilgan.
Uning aytishicha, ikkita koʻp qavatli uy, bitta xususiy uy, oziq-ovqat doʻkoni binosi va beshta avtomobil zarar koʻrgan. Biroq Sinegubov bu xabarda IEMga hujum haqida tilga olmagan. Shu sababli qurbonlar va yaralanganlarning aynan elektr markaziga berilgan zarba bilan bogʻliqligi xabarda aniqlashtirilmagan.
Mahalliy «Xarkov Info» Telegram-kanali ham IEMga kechki hujum haqida yozib, yongʻin aks etgan videoni joylagan. Kanal mualliflariga koʻra, tasvirlar mahalliy aholi tomonidan 11-oktabr kuni olingan.
Oʻsha kuni Donald Tramp Rossiya va Ukraina «energetik sulh»ga kelishib olganini bildirgan edi.
«Shu paytdan boshlab Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urushda energetik sulh joriy etiladi. Har ikki tomon bunga rozilik berdi. Uni buzmang!» — deb yozgan AQSH prezidenti Truth Social’da.
Zelenskiy avvaliga Axios jurnalistiga bunday qisman sulhga erishilganidan xabari yoʻqligini aytgan. Ammo Rossiya ham rozi boʻlsa, tashabbusni qoʻllab-quvvatlashini bildirgan.
Keyinroq Ukraina prezidenti Kiyev Amerika tomonidan tafsilotlarni kutayotganini maʼlum qilgan. U Ukraina Qurolli kuchlari barcha buyruqlarni olganini, endi AQSHning Rossiya bilan muloqotiga oid aniq maʼlumotlar va Putinning Tramp aytgan shartlarni bajarishi kutilayotganini taʼkidlagan.

