Trampning «energetika sulhi» haqidagi bayonoti «havoga uchdi»
U kecha Rossiya va Ukraina bir-birining energetika obyektlariga zarba bermaslikka kelishib olganini aytgandi. Tunda Ukraina Sizran neftni qayta ishlash zavodiga hujum qildi, tongda esa Rossiya Kiyevdagi avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchasini nishonga oldi.

Trampning «energetika sulhi» haqidagi bayonoti «havoga uchdi»
Rossiya va Ukraina AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatlar oʻrtasida «energetika sulhi» eʼlon qilinganidan bir necha soat oʻtgach ham bir-biriga zarba berishda davom etdi.
15-sentabrga oʻtar kechasi Ukraina qurolli kuchlari «Rosneft»ning Samara oblastidagi Sizran neftni qayta ishlash zavodiga zarba berdi, natijada korxonada yongʻin chiqdi. Tunda region ustida jami 40 dan ortiq dron urib tushirilgan. Taganrogda Ozon omborlari, mahalliy qishloq xoʻjaligi korxonasi, oʻquv binosi, doʻkon va bir necha turar joylar zarar koʻrgan. Astra maʼlumotiga koʻra, «Taganrog-Sentralniy» harbiy aerodromi ham zarbaga uchragan. Taganrogda ham, Samara oblastida ham jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.
Oʻz navbatida, tongda Rossiya dronlari Kiyevga hujum qildi. Sakkiz kishi jarohat oldi, zarba oqibatida shaharning Darnitskiy va Goloseyevskiy rayonlaridagi avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalari yonib ketdi. Shuningdek, Kiyevning turli qismlaridagi ombor va bir necha noturar joylar ham zarbaga uchradi. Zaporijjyada infratuzilma obyektiga berilgan zarba oqibatida bir kishi halok boʻlib, toʻrt kishi jarohat oldi.
«Rossiya energetika, oddiy logistika va muhim infratuzilmalarimiz boʻylab zarba berishni toʻxtatmayapti. Bunga javobimiz – sezilarli boʻladi», – deya yozdi tongda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.
Navbatdagi hujumlardan bir necha soat oldinroq AQSH prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmogʻida Moskva va Kiyev energetika obyektlari boʻylab zarbalarni toʻxtatishga kelishib olganini aytgan, dizel narxi oshib ketishining asosiy sababi AQShning Eron bilan urushi emas, balki Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi ekanini qoʻshimcha qilgandi.
Energetik sulh gʻoyasi haqiqatan ham muhokama qilingan: avval AQSH, Rossiya va Ukrainaning uch tomonlama uchrashuvlarida, fevral oyidagi muzokaralar toʻxtab qolganidan keyin esa alohida muzokaralarda va yopiq kanallar orqali. Biroq, gazeta suhbatdoshlari taʼkidlashicha, Putin qish arafasida bunday kelishuv tuzishni istamaydi. Moskvadagilar sovuq mavsumda Ukraina energetikasiga berilgan zarbalar Kiyevga bosimni kuchaytiradi va uni yon berishga majbur qiladi, deb hisoblaydi.
Ukrainalik ikki yuqori martabali mulozim FT bilan suhbatda Trampning bayonotini saylovchilarga hukumat yoqilgʻi narxini pasaytirish ustida ishlayotganini koʻrsatish istagi bilan izohlagan. Bu Tramp qimmat dizel uchun javobgarlikni Ukrainaga yuklashi bilan bogʻliq ilk holat emas. 13-sentabr kuni u Zelenskiyni Rossiyadagi dizel ishlab chiqaruvchi neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berishni toʻxtatishga chaqirib, bunday zarbalar «butun dunyoga zarar yetkazayotgani»ni aytgandi.

