Tramp husiylarga qarshi hujumni soʻnggi daqiqada bekor qildi

Tramp husiylarga qarshi zarbani oxirgi lahzada bekor qildi
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘tgan dam olish kunlari Yaman husiylariga hujum uyushtirish imkoniyatini ko‘rib chiqqan, ammo so‘nggi daqiqada bundan voz kechgan. Bu haqda CBS News manbalarga tayanib xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, 17-sentyabr kuni Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon AQSH prezidentiga yana qo‘ng‘iroq qilib, undan yordam so‘ragan. Shundan so‘ng prezident Pentagonga havo hujumlariga tayyorgarlik ko‘rishni buyurgan.
Biroq 19-sentyabr kuni tunda husiylarga qarshi hozircha hech qanday harakat qilmaslik haqida qaror qabul qilingan. Oq uy buni Yaqin Sharqdagi mojaro geografiyasini kengaytirishni istamaslik bilan izohlagan.
So‘nggi haftalarda husiylar Qizil dengiz bo‘yidagi hududlarni, jumladan Moha, Dubab port shaharlari, Murad aholi punktini, shuningdek Bob al-Mandab bo‘g‘ozining o‘rtasida joylashgan strategik Perim orolini nazoratiga olgan. Bu ularga mintaqadagi xalqaro kemalar harakatini nazorat qilish imkonini beradi. Erondagi mojaro sababli Saudiya Arabistoni neft eksporti uchun Hormuz bo‘g‘ozi o‘rniga Bob-al Mandab dengiz yo‘lidan foydalanmoqda.
Yaman husiylari AQSHning so‘nggi daqiqada hujumlarni bekor qilganiga javoban uning Qizil dengizdagi kemalarini nishonga olmaslikka ishontirdi. Bu haqda husiylarning siyosiy byurosi a’zosi Muhammad al-Buxaytiy ma’lum qildi.
“Biz AQSH yoki bo‘g‘ozdagi boshqa hech bir davlatni nishonga olmasligimizni tasdiqladik, yagona istisno — dushman Saudiya. Hozir ham shunday”, dedi u.
Al-Buxaytiyning ta’kidlashicha, agar biror davlat Saudiya Arabistoni tomonida turib Yamanga qarshi tajovuzga qo‘shilsa, husiylar bir nechta frontda urush olib borish imkoniyatiga ega.
“Bugun Yaman nafaqat ichki mojaroda, balki xalqaro qarama-qarshilikda ham urush olib borishga qodir”, dedi u.

