Siyosat

Tramp farmonidan so‘ng Google Maps Ontario ko‘li nomini Amerikaga almashtirdi

Tramp farmonidan keyin Google Maps Ontario ko‘li nomini Amerikaga o‘zgartirdi.

Google Maps AQSH prezidenti Donald Trampning farmonidan so‘ng amerikalik foydalanuvchilar uchun Ontario ko‘li nomini "Amerika ko‘li" (Lake America) deb o‘zgartirdi. Kompaniya bu haqda o‘z blogida ma’lum qildi.

Kompaniya xabariga ko‘ra, AQSH Geografik nomlari axborot tizimida (GNIS) ko‘l nomi rasman o‘zgartirilganidan so‘ng Google Maps’da ham tegishli yangilanish kiritilgan.

Endi AQSHdagi foydalanuvchilar xaritada "Lake America" nomini ko‘radi, Kanadadagilar esa "Lake Ontario" nomini ko‘rishda davom etadi. AQSH va Kanadadan tashqari davlatlarda ko‘lning har ikki nomi ko‘rsatiladi. Google bu yondashuv turli mamlakatlarda turlicha nomlanadigan suv obyektlariga nisbatan kompaniyaning ko‘p yillik siyosatiga mos ekanini bildirdi.

Donald Tramp 27-avgust kuni Ontario ko‘lini Amerika ko‘li deb qayta nomlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Hujjat bilan yangi nomni AQSHning rasmiy geografik ma’lumotlar bazasiga kiritish belgilangan.

Bu qaror Kanadada norozilik bilan kutib olindi. Kanada bosh vaziri Mark Karni Ontario nomi 400 yildan ortiq vaqtdan beri mavjudligini ta’kidlab, mamlakatda ko‘l avvalgi nom bilan atalishda davom etishini aytdi. Ontario provinsiyasi premeri Dag Ford esa ko‘lning Kanada sohiliga “Ontario ko‘li. Hozir va hamisha” degan yozuvli bilbord o‘rnatdi.

Tramp Ontario ko‘lini qayta nomlash haqidagi farmonni AQSH va Kanada o‘rtasidagi savdo ziddiyatlari kuchaygan bir paytda imzoladi. U bundan oldin ham ko‘l nomini o‘zgartirish rejasini e’lon qilib, buni Vashingtonning Ottava bilan savdo munosabatlariga bog‘lagan edi.

Bu Tramp tashabbusi ortidan Google Maps’da geografik obyekt nomi o‘zgartirilishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. 2025-yil yanvarda AQSH prezidenti Meksika ko‘rfazini Amerika ko‘rfazi deb, Alyaskadagi Denali cho‘qqisini esa Mak Kinli deb qayta nomlashni buyurgandi. Shundan so‘ng Google ham amerikalik foydalanuvchilar uchun Meksika ko‘rfazining yangi nomini xaritalarda aks ettirgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.