Siyosat

Tramp Ontario koʻlini «Amerika koʻli» deb qayta nomladi

AQSH prezidenti Donald Tramp 27-avgust kuni Ontario koʻlini «Amerika koʻli» (Lake America) deb qayta nomlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi.

Tramp Ontario koʻlini «Amerika koʻli» deb oʻzgartirdi

Donald Tramp Oq uyda jurnalistlar ishtirokida hujjatni imzolab, Ontario koʻlini «Amerika koʻli» deb qayta nomladi. Bu jarayon Oq uy tomonidan jonli efirda namoyish etildi.

Trampning taʼkidlashicha, yangi nom darhol kuchga kiradi. Jurnalistlardan biri prezidentdan koʻlni qayta nomlash orqali Kanadaga qanday xabar bermoqchi ekanligini soʻraganida, Tramp «Hech qanday» deb javob berdi.

Ontario koʻli Shimoliy Amerikadagi beshta Buyuk koʻldan biri boʻlib, Kanada va AQSH chegarasida joylashgan. U Buyuk koʻllar orasida eng sharqda joylashgan va maydoni boʻyicha eng kichigi hisoblanadi: uning maydoni qariyb 19 ming kvadrat kilometr, oʻrtacha chuqurligi 86 metr, eng chuqur nuqtasi esa taxminan 244 metr. Kanadaning markazidagi eng zich aholi yashaydigan va iqtisodiy jihatdan rivojlangan provinsiya ham shu koʻl nomi bilan ataladi.

Amerika yetakchisi koʻlni qayta nomlash rejasini ikki kun avval oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻida eʼlon qilgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, bu AQShning Ontario bilan biznes yuritishni davom ettirish niyatida emasligi bilan bogʻliq. Oʻshanda AQSH prezidenti Kanada rahbariyatini «masxarabozlar» deb atab, agar Ottava Vashingtonga nisbatan hozirgi siyosatini davom ettirsa, bu oqibatlarga olib kelishi bilan tahdid qilgan.

Bundan biroz avval Tramp 2027-yil yanvar oyidan boshlab Kanadadan keltiriladigan barcha yengil va yuk avtomobillariga, avtomobil ehtiyot qismlariga hamda poʻlatga 50 foizlik boj joriy etilishini eʼlon qilgandi.

Tramp 2025-yil 20-yanvarida, oʻzining ikkinchi prezidentlik muddatining birinchi kunida Meksika koʻrfazini (Gulf of Mexico) Amerika koʻrfazi (Gulf of America) deb qayta nomlash toʻgʻrisida farmoyish imzolagan edi. Ushbu qaror koʻrfaz nomining AQSH federal organlari tomonidan rasman qoʻllanilishiga tatbiq etiladi.

Shu bilan birga, Tramp butun suv havzasining xalqaro nomini bir tomonlama oʻzgartira olmadi. Meksika, koʻplab xalqaro tashkilotlar va OAV singari, «Meksika koʻrfazi» nomidan foydalanishda davom etmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.