Toshkentning tumanlaridan birida kechgacha gaz oʻchirildi

Toshkentning tumanlaridan birida kechgacha gaz oʻchirildi
Bugun, 19 oktyabr kuni Yunusobod tumanining ikkita mahallasida tabiiy gaz uzatish vaqtincha toʻxtatildi. 635 ta xonadon va hovli uylar, shuningdek, bir necha oʻnlab korxona va tashkilotlar gaz taʼminotisiz qoldi.
«Hududgaz Poytaxt» xabariga koʻra, mutaxassislar «Obod» mahallasi hududidagi yer osti gaz quvurida taʼmirlash ishlarini olib bormoqda.
Shu munosabat bilan soat 09:00 dan 18:00 gacha «Posira» mahallasidagi 515 ta xonadondan iborat toʻrtta koʻp qavatli uyda hamda «Obod» mahallasidagi 120 ta hovli uyda gaz uzatish toʻxtatildi.
Cheklovlar tijorat isteʼmolchilariga ham taʼsir qildi: gaz quyish shoxobchalari, bolalar uyi, shuningdek, koʻrsatilgan mahallalar hududida joylashgan 32 ta korxona gazsiz qoldi.
Taʼmirlash ishlari yakunlangach, gaz taʼminoti bosqichma-bosqich tiklanadi.
Kompaniya aholi va korxonalardan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr soʻradi.

