Toshkentdagi Naqsh hunarmandchilik maktabida ikki yillik diplom dasturi yo‘lga qo‘yildi
Toshkentda hunarmandlar uchun ikki yillik diplom dasturi ishga tushdi. Tinglovchilar naqsh, kulolchilik, bezakli rangtasvir va yog‘och o‘ymakorligi kabilarni o‘rganadi. Darslar Naqsh hunarmandchilik maktabi, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Britaniyaning KFSTA maktabi tomonidan tashkil etiladi.

Toshkentdagi Naqsh hunarmandchilik maktabida ikki yillik diplom dasturi ishga tushdi
5-oktabr kuni Toshkent shahrida Naqsh hunarmandchilik maktabining kunduzgi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ikki yillik diplom dasturi boshlandi, deya xabar bermoqda Jamg‘arma hamda Britaniya Qirollik jamg‘armasining An’anaviy san’at maktabi (KFSTA) tomonidan ishlab chiqilgan ushbu dastur tarixiy texnikalarni zamonaviy ijodiy yondashuv bilan uyg‘unlashtirgan holda O‘zbekistonning an’anaviy hunarmandchiligini asrab-avaylash va rivojlantirishga qodir mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.
Ochilish marosimi doirasida jamg‘arma raisi Gayane Umerova va KFSTA direktori, doktor Xolid Azzam hamkorlikning yangi bosqichiga oid bitimni imzoladi.
Maktabda talabalar 8 haftadan iborat uchta trimestr davomida geometriya va naqsh, kulolchilik va koshin tayyorlash, xattotlik, bezakli rangtasvir, yog‘och o‘ymakorligi hamda boshqa an’anaviy yo‘nalishlarni o‘zlashtiradi.
Ta’lim jarayoniga Buyuk Britaniya, Iron, Rossiya, Turkiya va Iordaniyadan kelgan mutaxassislar, jumladan, Qirol jamg‘armasining An’anaviy san’at maktabi bitiruvchilari jalb etilgan.
“O‘zbekiston hunarmandchiligi har doim yangi avlodga o‘tadigan tirik til bo‘lib kelgan. Ushbu dastur doirasida biz talabalarga nafaqat ajdodlarimizning texnikasini, balki an’analarning rivojlanishiga imkon beradigan go‘zallik tamoyillarini ham o‘rgatishni maqsad qilganmiz”, — dedi KFSTA An’anaviy san’at maktabi direktori Xolid Azzam.
Nazariy darslar ustaxonalardagi amaliy mashg‘ulotlar bilan birga olib boriladi. Dastur doirasida talabalar O‘zbekistonning me’moriy va madaniy merosi asosida o‘z loyihalarini ham ishlab chiqadi. Ta’lim yakunida tinglovchilar diplom ishini himoya qiladi.

