Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarning ichki hovlisidan avtoturargohlar olib tashlanishi mumkin
Bo‘shagan joydan bolalar o‘ynashi, sayr qilish va qo‘shnilar dam olishi uchun foydalanish rejalashtirilgan.

Toshkentdagi ko‘p qavatli uylar ichki hovlisidan avtoturargohlar olib tashlanishi mumkin
Toshkent shahar hokimligi “15 daqiqali qulay muhit” loyihasi doirasida bajarilishi rejalashtirilgan ishlar yakunida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi haqida maʼlumot berdi.
Loyiha konsepsiyasiga ko‘ra, bog‘cha, maktab, oilaviy poliklinika, maishiy xizmat ko‘rsatish va dam olish maskanlari piyoda 15 daqiqalik masofada joylashishi lozim. Bu esa kundalik yumushlarga kamroq vaqt sarflanib, oila, hordiq va muloqot uchun ko‘proq vaqt qolishini anglatadi.
Avtoturargohlar hamda avtomobil yo‘laklarini ichki hovli hududidan tashqariga chiqarish rejalashtirilgan. Bo‘shaydigan maydon bolalar o‘ynashi, sayr qilishi va qo‘shnilar dam olishi uchun xizmat qiladi.
Mahallalar ichida bolalar aravachasi bilan sayr qilish, soyada nafas rostlash yoki qo‘shnilar bilan suhbatlashish mumkin bo‘lgan xiyobonlar va sersoya yo‘laklar barpo etiladi. Shuningdek, bolalar va kattalar uchun sport maydonchalari hamda uchrashuv joylarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Mahalla ko‘chalarida zamonaviy videokuzatuv tizimlari va favqulodda vaziyatlarda yordam chaqirish imkonini beruvchi ko‘zga tashlanadigan SOS tugmalari o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev 14-oktyabr kuni Toshkent shahrida mahallalarni obodonlashtirish, yangi maktab va bogʻchalar qurish hamda shahar muhitini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishgandi. Poytaxtda “15 daqiqalik mahalla” tamoyili asosida 2027-yilda 100 ta, 2030-yilga borib esa jami 400 ta mahallani kompleks yangilash rejalashtirilgan.

