Toshkentdagi Milliy kutubxona ortida 1,3 gektarlik hududda pulli avtoturargoh tashkil etiladi

Toshkentdagi Milliy kutubxona ortidagi 1,3 gektarlik maydonda pulli avtoturargoh barpo etiladi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ortida joylashgan 1,3 gektar hududda tartibli avtoturargoh hamda obodonlashtirilgan jamoat makoni yaratish rejalashtirilmoqda. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha shartlariga ko‘ra, hududdagi mavjud daraxtlar va piyodalar uchun ajratilgan joylar saqlab qolinadi. Avtoturargoh qurilishi sabab daraxtlarni kesish nazarda tutilmagan. Aksincha, hududga 1 ming tupdan ortiq daraxt va buta ekish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, bu yerda kapital qurilish ishlari olib borilmaydi. Avtoturargoh bilan birga piyodalar va velosiped yo‘laklari, dam olish maskanlari, bolalar va vorkaut maydonchalari, yengil konstruksiyali sport obyektlari hamda sanitariya xonalari tashkil etiladi.
Loyiha doirasida 720 metr uzunlikdagi yangi piyodalar yo‘lagi qurilishi, videokuzatuv tizimi, bo‘sh avtoturargoh joylarini ko‘rsatuvchi elektron tablolar va zamonaviy to‘lov tizimi joriy etilishi ham rejalashtirilgan.
Yer uchastkasini elektron auksionga chiqarish ko‘zda tutilmoqda. Hududdan 10 yil muddatga foydalanish huquqini oladigan xususiy sherik investitsiya majburiyatlarini bajarishi, shuningdek, hududni saqlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishni ta’minlashi kerak bo‘ladi.
Davlat-xususiy sheriklik shartlariga binoan, avtoturargoh xizmatidan tushadigan mablag‘larning 20 foizi shahar byudjetiga yo‘naltiriladi. Maxsus va tezkor xizmat transport vositalari uchun hududdan foydalanish bepul bo‘ladi.
Shahar hokimiyati talabiga ko‘ra, avtoturargoh hududi bayramlar, festivallar va boshqa ommaviy tadbirlar uchun ham taqdim etilishi lozim. Bunday maqsadlarda hududdan foydalanish muddati yiliga 60 kungacha bo‘lishi mumkin.
Loyiha tashabbuskorlari aytishicha, avtoturargoh tashkil etishdan maqsad shahar markazidagi avtomobillar sonini oshirish emas, balki mavjud transport oqimini tartibga solish va avtomobillarning piyodalar uchun mo‘ljallangan joylarda tartibsiz to‘xtashining oldini olishdir.
Hozirgi kunda hududda tartibli avtoturargohlar yetishmasligi sabab avtomobillar bir necha qator bo‘lib, ayrim hollarda piyodalar uchun ajratilgan maydonlarda ham to‘xtab turibdi. Yangi loyiha esa mavjud landshaft, yashil hududlar va piyodalar makonini saqlagan holda transportni tartibga solishga qaratilgan.

