Mahalliy

Toshkentdagi 7-uyni buzishga bo‘lgan har qanday urinishning oldi olinadi — Madaniy meros agentligi

Toshkentdagi Bobur ko‘chasidagi 7-uyni buzishga bo‘lgan har qanday urinishning oldi olinadi, deya qayd etdi Madaniy meros agentligi. 4-sentabrda qurilish kompaniyasining arizasi bilan yashovchilardan birini ko‘chirish bo‘yicha sud majlisi belgilangandi. Bino atrofidagi bahslar ko‘p yillardan buyon davom etmoqda.

Toshkentdagi Bobur ko‘chasida joylashgan 7-uyga nisbatan har qanday noqonuniy buzish, vayron qilish yoki o‘zgartirishga urinishlarning oldi olinadi, deya ma’lum qildi Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimov.

Bu bayonot Jemchug House kompaniyasi arizasiga ko‘ra, uyda yashovchilardan birini ko‘chirish bo‘yicha 4-sentabrga belgilangan sud majlisi haqidagi xabar tarqalganidan so‘ng berildi.

Agentlik rahbarining birinchi o‘rinbosari ta’kidlashicha, "Agentlikning pozitsiyasi aniq: mazkur binoning madaniy meros obyekti sifatidagi maqomi saqlanib qoladi. U davlat muhofazasida… Biz mamlakatimizning tarixiy merosini asrab-avaylashimiz va uni kelajak avlodlarga yetkazishimiz shart".

Idoraning qayd etishicha, binoni Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatidan (u yerda 332−1-raqam ostida qayd etilgan) chiqarish bo‘yicha ilgari ham takliflar "ko‘rib chiqilgan va rad etilgan".

"Ushbu masala yuzasidan 2026-yil 5-avgust kuni kelib tushgan so‘nggi murojaat ham agentlik tomonidan ko‘rib chiqildi. Agentlik 2026-yil 19-avgustdagi xati bilan mazkur obyektni Madaniy meros obektlarining milliy ro‘yxatidan chiqarishning qonunchilikda nazarda tutilgan asoslari mavjud emasligini hamda bunday harakatning noqonuniy ekanini rasman ma’lum qildi. Obyektning qonunchilikda belgilangan maqomi saqlanib qoladi va u davlat muhofazasida bo‘ladi", — deya ta’kidladi agentlik.

7-uy atrofidagi bahslar ko‘p yillardan buyon davom etmoqda va bu vaqt davomida Gazeta voqealar rivojini yoritib keldi.

1936-yilda qurilgan bino Toshkentning sobiq hokimi Abduqahhor To‘xtayev tomonidan 2007-yil avgust oyida milliy ro‘yxatdan chiqarilgan edi (o‘shanda jami 303 ta bino ro‘yxatdan chiqarilgan). 2018-yil oktabr oyida poytaxtning o‘sha paytdagi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 7-uy ostidagi yer maydonini aholini ko‘chirish va ularga kompensatsiya to‘lash sharti bilan yangi turar joy binosini qurish uchun Universal Packing Masters kompaniyasiga topshirgan. Keyinchalik qurilish huquqi Jemchug House kompaniyasiga o‘tkazilgan. Yashovchilarning aksariyati ko‘chirilgan, ammo aholining bir qismi uyga muhofaza qilinadigan obyekt maqomini qaytarishni talab qilib kelgan.

2021-yil boshida Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi Abduqahhor To‘xtayevning qarorini haqiqiy emas deb topdi. Ko‘p o‘tmay, Vazirlar Mahkamasi uyni yana milliy ro‘yxatga kiritdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.