Toshkentda yo‘lni to‘sib raqsga tushgan yigitlar 7 sutkaga qamaldi
Toshkentning Olmazor tumanida avtomobil yo‘lining qatnov qismini to‘sib, raqsga tushgan sakkiz yigit 7 sutkaga qamaldi. 'Kelinning uyidan chiqayotganda xursandchilkka berilib, yo‘lni to‘sib qo‘yibmiz…Afsusdamiz', — dedi ulardan biri. Fuqarolar mayda bezorilik bo‘yicha aybdor deb topildi.

Toshkentda yo‘lni to‘sib raqsga tushgan yigitlar 7 sutkaga qamaldi
Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Gulsaroy ko‘chasida yo‘lni to‘sib, harakatga xalal bergan 8 nafar shaxsga nisbatan sud qarori chiqarildi, deya xabar bermoqda poytaxt IIBB.
Mazkur holat videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan keyin boshqarma surishtiruv o‘tkazgan. Kadrlarda bir guruh kuyovjo‘ralar to‘y marosimi paytida avtomobil yo‘lining qatnov qismida harakatlanishga to‘sqinlik qilib, raqsga tushgani aks etgan.
“Soat 16:00 larda kelinning uyidan chiqayotganda ozgina xursandchilikka, hissiyotga berilib, yo‘lni to‘sib qo‘ydik. Bu ishni o‘zimiz qatori bolalarga tavsiya qilmaymiz. Oqibati shu yoqqacha kelishini bilmagan edik. Afsusdamiz”, — dedi ulardan biri.
Surishtiruv natijasida ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilib, hujjatlar sudga yuborilgan.
Sud qaroriga ko‘ra, qoidabuzarlarning har biriga 7 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi belgilandi. Jazo muddati 3-noyabrdan hisoblanishi qayd etilgan.

