Toshkentda yirik xalqaro media bozori ochilmoqda (foto)
Bugun, 9-oktyabr kuni ushbu nufuzli tadbirning rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Toshkentda yirik xalqaro media bozori ish boshlamoqda (foto)
O‘zbekistonda ilk bor 2027-yil 4-5-fevral kunlari «Tashkent Content Market» xalqaro kontent bozori tashkil etiladi. Bugun, 9-oktyabr kuni mazkur nufuzli tadbirning rasmiy taqdimoti o‘tkazildi.
Taqdimot davomida MDH davlatlaridagi eng yirik kontent bozorlaridan biri bo‘lishi kutilayotgan ushbu tadbirning maqsadlari, dasturi, qatnashish shartlari va ro‘yxatdan o‘tish tartibi haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, xalqaro kontent bozorlari tajribasi hamda mahalliy media mahsulotlarini xorijiy xaridorlarga taqdim etish imkoniyatlari yuzasidan so‘z yuritildi.
Taqdimotda 20 dan ortiq teleradiokanal, 15 dan ziyod OTT/VOD va onlayn platforma, 7 ta davlat tashkiloti va sohaviy muassasa hamda 40 ga yaqin kinostudiya, media kompaniya, ijodiy jamoalar va kinoteatrlar vakillari, shuningdek, mustaqil ijodkorlar qatnashdi.
TCM o‘zbek filmlari, seriallari, animatsiya va raqamli mahsulotlarini xalqaro bozorga olib chiqish, xorijiy kontentni xarid qilish hamda hamkorlikda yangi loyihalar yaratish uchun professional maydon bo‘ladi. Unda telekanallar, kinostudiyalar, prodyuserlik markazlari, distribyutorlar, onlayn platformalar va mualliflik huquqi egalari o‘zaro muzokaralar olib borishi mumkin.
«Tashkent Content Market» dasturidan quyidagi yo‘nalishlar o‘rin olgan:
Muhokamalarda kontentdan daromad olish, sun’iy intellekt, ishlab chiqarish, xalqaro tarqatish va litsenziyalash masalalariga e’tibor qaratiladi.
Tadbirga barcha qit’alardan ishtirokchilar taklif etilayotgani TCMni xorijiy kompaniyalar ham o‘zaro hamkorlik o‘rnatishi mumkin bo‘lgan xalqaro maydonga aylantiradi: bu yerda telekanallar yangi seriallarni xarid qilishi, kinoteatrlar filmlarni ilk bor namoyish etish huquqini qo‘lga kiritishi, onlayn platformalar telekanallarni uzatish litsenziyasini olishi, media kompaniyalari esa zamonaviy dasturiy va texnik ishlanmalar bilan tanishib, shartnomalar imzolashi mumkin.
Ishtirokchilar uchun tcm.uz raqamli platformasida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati ko‘zda tutilgan. U orqali shaxsiy va kompaniya profilini yaratish, hamkorlarni qidirish, kontent kataloglarini ko‘rish hamda uchrashuvlarning vaqti va joyini oldindan kelishish mumkin bo‘ladi.

