Bokuda Tashkent Content Market (TCM) taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Tashkent Content Market MDH hududidagi eng yirik kontent marketlaridan biriga aylanishi, bir maydonda turli mamlakatlarning

Bokuda Tashkent Content Market (TCM) taqdimoti o‘tkazildi
Building Trust through Media in a Polarized World mavzusiga bag‘ishlangan CICA Media Forum doirasida Boku Kongress markazida O‘zbekistonda yaratilayotgan media kontentni ilgari surish va tarqatishga yo‘naltirilgan xalqaro platforma — Tashkent Content Market (TCM) taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot Ozarbayjon Respublikasi Media va teleradioeshittirish kengashi ko‘magida tashkil etildi. Unda Ozarbayjon televideniye va media industriyasining yetakchi vakillari, shuningdek, xalqaro media-forum ishtirokchilari qatnashdi.
Taqdimot chog‘ida ishtirokchilarga Tashkent Content Market faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, xalqaro hamkorlik imkoniyatlari hamda O‘zbekistonda yaratilayotgan televideniye, hujjatli, ko‘ngilochar va raqamli kontentni xorijiy bozorlarda ilgari surish istiqbollari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, telekompaniyalar, media platformalar, prodyuserlik markazlari va kontent huquq egalari o‘rtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalasiga alohida urg‘u berildi. Ishtirokchilarga O‘zbekistonda yaratilgan kontentni xarid qilish va tarqatish imkoniyatlari, shuningdek, qo‘shma media loyihalarini amalga oshirish salohiyati haqida ham ma’lumot taqdim etildi.
Tashkent Content Market xalqaro ishtirokchilari orasida Amazon MGM Studios, Prime Video, BBC Studios, CNN, Sony, Banijay Americas, NBCUniversal, Netflix, Roku, YouTube, Warner Bros., ZDF, Canal+, France TV, TF1, Tencent Video, iQIYI, mk2 hamda global kontent industriyasining boshqa yetakchi kompaniyalari va media xoldinglari bor.
Taqdimot davomida xalqaro kompaniyalarning keng ko‘lamdagi ishtiroki Ozarbayjon media industriyasi vakillari uchun ham yangi imkoniyatlar yaratishi qayd etildi. Ozarbayjon telekanallari, prodyuserlik kompaniyalari va kontent huquq egalari uchun Tashkent Content Market o‘z kontentini xalqaro auditoriyaga taqdim etish, distribyusiya va koproduksiya yo‘nalishida yangi hamkorlar topish, shuningdek, Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalardagi kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi.
Tashkent Content Market MDH hududidagi eng yirik kontent marketlaridan biriga aylanishi, bir maydonda turli mamlakatlarning yetakchi kontent ishlab chiqaruvchilari, telekanallari, OTT platformalari, distribyutorlari va huquq egalari vakillarini jamlashi kutilmoqda.

