Toshkentda vazirlik va idoralarning 7 ta binosi 868,8 milliard soʻmga sotildi

Toshkentda 868,8 milliard soʻmga vazirlik va idoralarning 7 ta binosi sotildi
Toshkentda ilgari vazirlik va idoralarga tegishli boʻlgan 7 ta maʼmuriy bino umumiy qiymati 868,8 milliard soʻmga sotildi.
Sotilgan obʼyektlar qatoriga Transport vazirligi, Sport vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Turizm qoʻmitasi huzuridagi «Turistlarga xizmat koʻrsatish markazi» DUK, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi hamda Davlat xizmatlari agentligi binolari kirdi. Yana 11 ta obʼyekt boshlangʻich qiymati 1095,8 milliard soʻm bilan savdoga chiqarilgan, 20 ta obʼyekt boʻyicha esa sotuvoldi tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Hozirgi vaqtda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Suv xoʻjaligi vazirligi va ularning tizim tashkilotlari binolari boʻyicha savdolar davom etmoqda.
Koʻchmas mulk savdosi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 7 martdagi 146-sonli qarori doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu hujjatda 150 ta davlat organi va davlat ishtirokidagi tashkilotlarni Yangi Toshkent hududiga koʻchirish, shuningdek, poytaxtdagi 83 ta koʻchmas mulk obʼyektini ochiq savdolarda sotish yoki ijaraga berish koʻzda tutilgan. Hozirgi vaqtda jarayon rejalashtirilgan obʼyektlarning yarmidan koʻpini qamrab oldi: yettita bino allaqachon yangi egalariga oʻtdi, yana 31 ta obʼyekt tayyorgarlik va sotishning turli bosqichlarida turibdi.

