Mahalliy

Toshkentda transmilliy narkotarmoq fosh etildi, 14 kishi qoʻlga olindi. Video

Toshkentda transmilliy narkotarmoq fosh etildi, 14 kishi qoʻlga olindi. Video

Toshkentda yirik transmilliy narkotarmoq fosh etildi. Ushbu sxemaning ayrim ishtirokchilari giyohvandlik vositalarini saqlash va qadoqlash bilan shugʻullangan, boshqalari esa ularni yashirin joylarga qoʻyib ketgan (zakladka), tartibni esa «sportchilar» deb ataluvchi shaxslar nazorat qilgan. Guruhning jami 14 nafar gumonlanuvchi aʼzosi qoʻlga olinib, ulardan 2,5 kilogramm «Alfa-PVP» sintetik giyohvandlik moddasi — taxminan 71,4 ming bir martalik doza musodara qilindi.

Operatsiya Yangihayot tumanida avtomobilni tekshirishdan boshlandi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari poytaxtdagi oliy oʻquv yurtlaridan birining 3-kurs talabasi boʻlgan 21 yoshli yigit boshqaruvidagi Onix avtomobilini toʻxtatdi. Mashinadan 500 gramm «Alfa-PVP» topildi.

Qoʻlga olinganidan soʻng, yigit koʻrsatma berib, bu sxemaning boshqa gumonlanuvchi ishtirokchilarini aniqlashga yordam berdi. Keyingi tadbirlar Chilonzor, Yunusobod, Yangihayot va Bektemir tumanlarida bir vaqtning oʻzida oʻtkazildi.

IIV maʼlumotlariga koʻra, qoʻlga olinganlar transmilliy jinoiy tashkilot bilan aloqador boʻlgan. Tergov talqiniga koʻra, Toshkentda uning faoliyati bir nechta guruhlar oʻrtasida taqsimlangan. Yetti kishi «ombor xodimlari» vazifasini bajarib, giyohvandlik moddalarini saqlagan va qadoqlagan. Yana olti kishi internet-doʻkonlar va Telegram-botlar orqali, yashirin joylarga qoʻyib ketish (zakladka) usulidan foydalangan holda tarqatish bilan shugʻullangan.

Tergov maʼlumotlariga koʻra, ushbu guruhning katta qismini yoshlar, jumladan, talabalar tashkil etgan. Shu bilan birga, ish materiallariga koʻra, guruhning oʻz «ichki nazorat» tizimi ham boʻlgan: «sportchilar» deb ataluvchi shaxslar qarzlarni undirishi va sxema ishtirokchilari giyohvandlik moddalarini oʻzlashtirib olmasligini nazorat qilishi kerak edi.

Tarmoqning rahbarlaridan biri ekani gumon qilinayotgan shaxs Rossiya fuqarosi boʻlib chiqdi. Huquq-tartibot idoralari maʼlumotiga koʻra, u rossiyalik hamkasblar tomonidan qoʻlga olingan.

Operatsiya IIV, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasi va xorijiy huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan hamkorlikda oʻtkazildi.

Mazkur holat yuzasidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi moddasi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumonlanuvchilar qamoqqa olingan.

Bundan avval Toshkentda Rossiyadan pochta joʻnatmalari orqali yuborilgan ikkita qurilish asbobi ichidan 580 grammdan ortiq «Alfa-PVP» sintetik giyohvandlik moddasi topilgan edi. Bir holatda modda perforator ichiga, ikkinchisida esa benzoarra ichiga yashirilgan boʻlgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.