Toshkentda shirinliklar niqobi ostida tarqatilgan giyohvandlik moddalarini ishlab chiqarishga chek qoʻyildi

Toshkentda shirinliklar niqobi ostida tarqatilgan narkotiklarni ishlab chiqarishga chek qoʻyildi
Toshkentda taqiqlangan moddalar nafaqat ishlab chiqarilgan va qadoqlangan, balki tashqi koʻrinishidan oddiy shirinliklarga oʻxshash mahsulotlar bilan aralashtirilgan narkolaboratoriya aniqlandi. Musodara qilinganlar orasida — gashish moyi solingan pechenye, narkotik tarkibli marmelad oʻramlari va deyarli olti kilogramm boshqa narkotik moddalar bor.
Operatsiya IIV va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazildi. Dastlab Yashnabod tumanida Toshkent shahrida yashovchi 24 yoshli fuqaro ushlandi, huquq-tartibot idoralari maʼlumotlariga koʻra, u narkotiklar sotuvchi internet-doʻkonning zakladchigi (yashirib ketuvchisi) boʻlgan. Uning yonidan umumiy ogʻirligi 74 gramm boʻlgan 58 ta gashish moyi oʻrami topildi.
Keyingi tekshiruv davomida tezkor xodimlar uning ehtimoliy sherigi — oʻsha internet-doʻkon ombori xodimining iziga tushdilar. Chilonzor tumanidagi Doʻmbrabod mahallasida ijaraga olingan xonadonda narkotiklarni ishlab chiqarish va qadoqlash laboratoriyasi topildi.
U yerda 1,5 kilogramm gashish moyi qoʻshilgan pechenye, toʻrtta narkotik tarkibli marmelad oʻrami, 3,5 kilogramm gashish moyi va 600 gramm gashish aniqlandi. Bundan tashqari, umumiy ogʻirligi 350 gramm boʻlgan gashish moyi va uning gashish bilan aralashmasi solingan 361 ta oʻram musodara qilindi.
Xonadonda, shuningdek, narkotiklarni ishlab chiqarish va qadoqlash uchun uskunalar va materiallar: shpritslar, tarozilar, qoʻlqoplar, paketlar, izolenta va 500 ta boʻsh flakon boʻlgan.
IIV maʼlumotlariga koʻra, musodara qilingan narkotik moddalarning umumiy ogʻirligi salkam olti kilogrammni — 19,2 ming dozadan ortiqni tashkil etadi.
Narkotiklarning noqonuniy muomalasi uchun jazoni nazarda tutuvchi 273-modda 6-qismining "a" bandi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
IIV ogohlantiradi: narkotik moddalar odatiy mahsulotlar va shirinliklar niqobi ostida yashirinishi mumkin.
Avvalroq Toshkent viloyatida "Toshkent-Aero" bojxona kompleksi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan shirinliklar niqobi ostida sintetik narkotiklarni olib kirishga boʻlgan urinishning oldi olingan edi.

