Mahalliy

Toshkentda qoʻriqlash xizmati xodimi 6-sinf qizga shilqimlik qildi

Holat 15-sentabr kuni Shayxontohur tumanidagi maktablardan birida sodir boʻlgan. Taʼlim muassasasida shartnoma asosida qoʻriqlash xizmati xodimi boʻlib ishlaydigan 23 yoshli yigit maktab binosida 6-sinf qizga shahvoniy shilqimlik qilgan. Sud huquqbuzarlik holatida jinoyat alomati bor, degan xulosaga kelgan va ishni prokurorga joʻnatgan.

Toshkentda qoʻriqlash xizmati xodimi 6-sinf qizga shilqimlik qildi

Shayxontohur tumanida qoʻriqlash xizmati xodimi 12 yoshli qizga shahvoniy shilqimlik qilgan.

Sud hujjatiga koʻra, 23 yoshli Sh.J. maktabda shartnoma asosida qoʻriqlash xizmati xodimi sifatida ishlagan. U 15-sentabr kuni soat 15:30 da maktab binosida 12 yoshli oʻquvchi qizning yoniga borib, uning belidan ushlagan va labidan oʻpgan holda shahvoniy shilqimlik qilgan.

Surishtiruv organi Sh.J.ning harakatlarini Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan baholab, ishni sudga yuborgan.

Sud Sh.J.ga nisbatan ochilgan maʼmuriy ishni koʻrib chiqib, huquqbuzarlik holatida jinoyat alomati mavjud, degan xulosaga kelgan va ishni prokurorga qaytarish haqida ajrim chiqargan.

“Sh.J. shahvoniy shilqimlik harakatlarini voyaga yetmagan, 2014-yilda tugʻilgan qizga nisbatan sodir etgan yoki etmaganligi, uning harakatlarida jinoyat alomatlari bor yoki yoʻqligi va ish holatlari toʻliq tekshirilmagan. Qayta surishtiruv jarayonida ish holatlari toʻliq tekshirilib, Sh.J.ning harakatlarida jinoyat alomati bor yoki yoʻqligini, jinoyat sodir qilingan boʻlsa uning harakatlariga tegishli baho berilishi lozim boʻladi”, deya keltirilgan sud ajrimida.

Jinoyat kodeksining 129-moddasiga koʻra, 16 yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan zoʻrlik ishlatmay uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish 3 yilgacha, bunday harakatni 14 yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan sodir etish 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar ushbu harakatlar zoʻrlik ishlatib yoki qoʻrqitib sodir etilgan boʻlsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi beriladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.