Toshkentdagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchini kaltakladi

Toshkentdagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchini kaltakladi
Toshkentning Yunusobod tumanidagi maktabda o‘quvchini urgan o‘qituvchi ishdan bo‘shatilishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 15-sentyabr kuni soat 8:40 lar atrofida yuz bergan. O‘sha kuni o‘qituvchi ikki nafar o‘quvchiga qo‘l ko‘targan. Ulardan birini sinf ichida sudrab, bir necha marta urib, tan jarohati yetkazgan.
“O‘g‘lim telefon qildi. Oyijon, yordam bering, o‘rtog‘imni urib o‘ldirib qo‘yishyapti, dedi. Kelsam, hamma ‘medpunkt’da ekan. Bolamning bo‘yni qizarib ketgan, dodlagan, yig‘lagan. Yordam bering, 102 qilinglar deyapti, sinfdoshi. Biqinini ushlab o‘tiribdi-da, yig‘lab”, degan o‘quvchilardan birining onasi.
Xabarda aytilishicha, o‘quvchining kaltaklanishiga uning o‘qituvchini so‘kkani sabab bo‘lgan. O‘qituvchining bolani urayotgani sinfdagi kuzatuv kamerasiga ham yozib olingan. Biroq bu video ommaga taqdim etilmagan.
“Videoda o‘g‘limni vahshiylarcha urayotganini ko‘rdim. U yoqda bo‘ynidan tortib sudrab olib kelgan bu yoqqacha, o‘g‘lim qarshilik qilgan. “Qo‘yib yuboring, ustoz, qo‘yib yuboring”, degan. Keyin u yog‘i kameraga tushmay qolgan”, degan o‘quvchi bolaning otasi. Uning aytishicha, videoni ko‘rgach, sodir bo‘lgan voqea haqida 102 ga qo‘ng‘iroq qilib xabar bergan.
Voqea sodir bo‘lgan kuni sinfda yana bir o‘qituvchi ham bo‘lgan. Biroq u boshqa bir o‘qituvchi boshqa bir sinf o‘quvchisini urayotganini ko‘rib turgan bo‘lsa-da, indamay sinfni tark etgan. Holatga munosabat bildirgan maktab direktori o‘qituvchining bu harakati noto‘g‘ri bo‘lganini aytdi. Videoda o‘quvchilar sinfning orqa tomonida tik turganiga ham izoh berib, dars o‘tilishi kerak bo‘lgan xona kaliti yo‘qligi sabab ular sinflar bo‘linib o‘tiladigan xonaga vaqtincha kiritilganini, shu bois ularga joy yetmaganini bildirdi.
Yunusobod tumani maktabgacha va ta’limi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Gulandom Jumaniyozovaning bildirishicha, o‘rganish natijasiga ko‘ra tushuntirish xatlari olindi, o‘qituvchiga hayfsan berildi. Holat bo‘yicha ichki ishlar xodimlari ham shug‘ullanib, o‘qituvchi bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, biologiya fani o‘qituvchisi bu holatga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani sababli undan ham tushuntirish xatlari olindi, intizomiy ogohlantirish berildi.
Holat yuzasidan Boyovut tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

