Toshkentda poytaxt soliq boshqarmasining sobiq rahbari va Bosh prokuratura huzuridagi Departament boshqarmasi boshligʻining sobiq oʻrinbosari sud qilinmoqda

Toshkentda poytaxt soliq boshqarmasining sobiq rahbari va Bosh prokuratura huzuridagi Departament boshqarmasi boshligʻining sobiq oʻrinbosari ustidan sud ketmoqda
Jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudida Toshkent shahar soliq boshqarmasining sobiq boshligʻi Yunusjon Nasimjonov va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shahar boshqarmasi boshligʻi sobiq oʻrinbosari Alisher Gʻaniyevga nisbatan jinoyat ishi koʻrib chiqilmoqda. Nasimjonov oʻzlashtirish va vakolatlarini suiisteʼmol qilishda, Gʻaniyev esa vakolatlarini suiisteʼmol qilish va chegarani noqonuniy kesib oʻtishda ayblanmoqda.
Nasimjonov 167-modda («Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish») va 205-modda («Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish») boʻyicha ayblanmoqda. U poytaxt soliq xizmatini 2021 yildan 2026 yilgacha boshqargan.
Gʻaniyevga 205-modda («Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish») va 223-modda («Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki Oʻzbekiston Respublikasiga kirish») qoʻyilgan.
Har ikki mulozim 27 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan yigʻilishdan soʻng lavozimidan ozod etilgan edi. Oʻshanda Nasimjonovning faoliyatini oʻrganish va qonun doirasida chora koʻrish topshirilgandi. Gʻaniyevga nisbatan esa yigʻilishda u «tadbirkorlar» deb ataluvchilarga soliq toʻlashdan boʻyin tovlashda koʻmaklashgani aytilgandi. Yigʻilishda umuman poytaxt huquq-tartibot va soliq organlari faoliyati tanqid qilingan edi.

