Toshkentda menejer noqonuniy ishga joylashtirish uchun qoʻlga olindi
Chilonzor tumanida turistik firma menejeri fuqaroni Slovakiyaga ishga joylashtirish evaziga 3 ming dollar va 2,5 mln soʻm talab qildi.

Toshkentda noqonuniy ishga joylashtirish bilan shugʻullangan menejer qoʻlga olindi
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida Oʻzbekiston fuqarosini Slovakiyaga noqonuniy ishga yuborishda gumonlangan sayyohlik firmasi menejeri qoʻlga olindi. Bu haqda Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Tezkor tadbir DXX Toshkent shahri boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda oʻtkazildi.
DXX maʼlumotlariga koʻra, qoʻlga olingan shaxs fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish huquqiga ega boʻlmagan mahalliy sayyohlik kompaniyasida menejer boʻlib ishlagan. Erkak pul mablagʻlarining bir qismini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Aniqlanishicha, menejer Samarqand viloyatida yashovchi fuqarodan Slovakiyada ishga joylashtirish va viza rasmiylashtirib berish evaziga 3 ming dollar va 2,5 mln soʻm talab qilgan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari uni 1 ming dollar va 2,5 mln soʻmni olayotgan vaqtida qoʻlga olishgan.
Qoʻlga olingan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolarni bu kabi qonunbuzarliklar haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Idora murojaatchilarning shaxsi sir saqlanishini kafolatlashini taʼkidladi.

