Toshkentda Markaziy Osiyo Xalqaro taʼlim forumi boshlandi
Toshkentda 40 dan ortiq mamlakat vakillarini birlashtirgan Markaziy Osiyo Xalqaro taʼlim forumi oʻz ishini boshladi. Ishtirokchilar orasida taʼlim va fan vazirlari, 500 ga yaqin mahalliy va xorijiy oliy oʻquv yurtlari rahbarlari, shuningdek, mingga yaqin ekspertlar bor. Ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yoʻllagan murojaati oʻqib eshittirildi. Murojaatda Markaziy Osiyo davlatlari izchil ravishda mustahkamlanib borayotgani taʼkidlangan […]

Toshkentda 40 dan ortiq mamlakat vakillarini jamlagan Markaziy Osiyo Xalqaro taʼlim forumi oʻz ishini boshladi. Ishtirokchilar orasida taʼlim va fan vazirlari, 500 ga yaqin mahalliy va xorijiy oliy oʻquv yurtlari rahbarlari, shuningdek, mingdan ortiq ekspertlar bor.
Ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yoʻllagan murojaati oʻqib eshittirildi.
Murojaatda Markaziy Osiyo davlatlari oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklikni izchil mustahkamlab borayotgani taʼkidlanadi. Shu bilan birga, 85 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan mintaqaning asosiy boyligi bilim va yangi imkoniyatlarga intilayotgan yosh avloddir.
«Ushbu ulkan demografik salohiyatni qudratli intellektual kuchga aylantirishning eng samarali yoʻli — sifatli zamonaviy taʼlim va tarbiyadir», — deyiladi davlat rahbarining murojaatida.
Prezident taʼlim tizimini isloh qilish Oʻzbekiston davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini taʼkidladi. Maktabgacha, maktab, professional va oliy taʼlim, shuningdek, fan sohasini boshqarishni birlashtirish taʼlimning sifat jihatidan barcha bosqichlari — bolaning ilk bilimlaridan tortib yuqori malakali mutaxassislar va olimlarni tayyorlashgacha boʻlgan uzviylikni taʼminlashga qaratilgan.
Yoshlarda mustaqil va ijodiy fikrlashni rivojlantirish, uzluksiz taʼlim olish koʻnikmalarini shakllantirish, pedagog va murabbiylarning rolini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Muhim vazifalar qatorida taʼlim muassasalari va ishlab chiqarish oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qizlar, olis hududlardagi bolalar va alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan yoshlar uchun sifatli taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish ham tilga olingan.
Murojaat yakunida Shavkat Mirziyoyev forum Markaziy Osiyoni maʼrifat, yuqori texnologiyalar va innovatsiyalarni birlashtiruvchi yagona intellektual makonga aylantirishdan iborat umumiy strategik maqsadga erishishga qaratilgan aniq tashabbuslarni ishlab chiqish maydoniga aylanishiga ishonch bildirdi.

