Toshkentda internet narkodoʻkon kuratori salkam 10 kilo narkotik bilan qoʻlga tushdi

Toshkentda internetdagi giyohvand moddalar do‘konining kuratori qariyb 10 kilogramm giyohvand modda bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, 1989-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan ushbu shaxs internet-narkodo‘konda administrator va kurator sifatida faoliyat yuritgan. U avvalroq Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) va 278-moddasi (qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) bo‘yicha sudlangan.
IIV Tezkor-qidiruv departamenti, uning hududiy bo‘linmalari va Davlat xavfsizlik xizmati hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida uning avtomashinasi va yashash joyi tekshirilganda, gashish va metamfetamin sintetik giyohvandlik vositalari saqlanayotgani aniqlangan.
Tezkor tadbirlar natijasida 64 817 dozaga teng bo‘lgan 9 kilogramm 330 gramm gashish hamda 545 gramm metamfetamin sintetik giyohvandlik vositalari rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruhga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat kodeksida bunday turdagi jinoiy harakatlar uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 22-avgust kuni Navoiyda Telegram orqali giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan yirik jinoiy guruh qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.

